Fuqarolar foydasiga 13,7 milliard so‘m undirildi
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar hamda sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi mas’ullari, viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, bloger va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etgan tadbirda boshqarma boshlig‘i Otabek Salmanov joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
– Joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida boshqarmamiz, tuman, shahar bo‘limlarimiz tomonidan katta xajmdagi ishlar amalga oshirildi, – deydi Otabek Salmanov. – Umumiy qiymati 653 milliard so‘mga teng ijro hujjatlarining ijrosi tamomlandi. Shundan, 282,2 milliard so‘mlik 26 mingta ijro hujjati bo‘yicha ko‘rsatilgan mablag‘larning undirilishi ta’minlandi. Davlat foydasiga 156 milliard so‘m, 112,5 milliard so‘m ho‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda 13,7 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ fuqarolar foydasiga undirildi.
Prezitentimiz rahbarligida joriy yilning 1 mart kuni o‘tkazilgan vidnoselektor yig‘ilishida aliment hujjatlari ijrosini ta’minlash yuzasidan qator vazifalar belgilab berilgan edi. Ana shundan kelib chiqib, Byuro organlarida joriy yilning 21 fevralidan 31 martiga qadar “Aliment undiruvi oyligi” o‘tkazilib, oylik doirasida alimentga oid ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlarning ma’lumotlari qayta xatlovdan o‘tkazildi, “MIB-portal” elektron dasturiga kiritildi. Unga ko‘ra, viloyatda jami qarzdorlar soni 30 ming 581 tani, qarzdorlik summasi esa 200 milliard so‘mni tashkil etdi.
Aliment to‘lovlari bo‘yicha olib borilgan tadbirlar natijasida aliment hujjatlari soni 2 ming 253 taga, qarzdorlik 70 milliard so‘mga kamaytirildi, 11,8 millard so‘m aliment pullari aliment oluvchilarning kartalariga o‘tkazib berildi. Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 217 nafar qarzdor ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sudlar tomonidan ularning 189 tasiga ma’muriy qamoq, 1 tasiga jarima belgilandi, 23 tasiga oid ish sud tomonidan belgilangan tartibda tugatildi.
Aliment ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish bilan birga, buzilgan oilalarni yarashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Olib borilgan sa’y harakatlar natijasida 2022 yil yanvar-mart oylarida 2 ming 676 ta oila yarashtirildi.
Prezidentimizning 2020 yil 24 oktyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan, o‘tgan uch oy mobaynida davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 6 ta yo‘nalishdagi ijro hujjatlari bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 50 foizi, ya’ni 7,4 milliard so‘m mablag‘ “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirildi.
Anjumanda o‘tgan uch oy ichida faoliyati davomida muntazam kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, ijro intizomini buzgan 30 nafar xodimga intizomiy choralar ko‘rilgani, 4 nafariga nisbatan jinoyat ishi ochilganligi qayd etildi. Shuningdek, anjumanda 2022 yil 11 aprelda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazmun-mohiyati, mazkur qonun asosida amalga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ham keng ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholining huquqiy bilim va savodxonligini oshirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi aytib o‘tildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari MIB faoliyati bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.
[gallery-6725]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA