Fransiya “himoya qalqoni”ni kuchaytirdi
Fransiya hukumati strategik ahamiyatga ega kompaniyalarni xorijiy sarmoya ta’siridan himoya qilish chorasini kuchaytirdi. Yangi tartibga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlar investorlari endi fransuz kompaniyasining 10 foiz ulushini sotib olish uchun davlatdan ruxsat olishi shart. Ilgari bunday talab faqat 25 foiz yoki yanada yuqori ulush xarid qilinganda amal qilar edi. Hukumat bu o‘zgarishni milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholamoqda.
Bosh vazir Sebasten Lekornyu strategik korxonalarni muhofaza qilish mamlakat suverenitetini saqlash bilan teng ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat bir tomondan biznes rivojini qo‘llab-quvvatlashi, ikkinchi tomondan esa muhim tarmoqlarni tashqi ta’sirdan asrashi lozim. Yangi qoida, avvalo, geosiyosiy vaziyat keskinlashayotgan sharoitda xavfli sarmoyaning oldini olishga qaratilgan. Shu tariqa Parij iqtisodiy xavfsizlik siyosatiga yanada qat’iy yondashmoqda.
Yangi mexanizmga muvofiq, dastlab sarmoyador rejasidan Fransiya G‘aznachiligi bosh boshqarmasini xabardor qiladi. Iqtisodiyot vazirligi esa o‘n kun ichida bitim bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik haqida qaror qabul qiladi. Rasmiylar jarayonni tezkor amalga oshirish orqali korxonaning moliyaviy imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslikni ta’minlaydi. Maqsad – xavfsizlik bilan sarmoya muhiti muvozanatini saqlash.
Qaror Fransiya parlamenti tayyorlagan iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha hisobot tavsiyasiga tayanadi. Hujjat mualliflari xalqaro raqobat kuchayib borayotgan bir payt mamlakat o‘z texnologiyasi va strategik salohiyatini himoya qilishda anchayin qat’iy bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Ya’ni, korxonani saqlab qolishning o‘zi yetarli emas, raqobatbardoshlikni oshirish uchun ham sharoit yaratish zarur. Shu bois Parij milliy manfaat va investitsiya siyosati o‘rtasida yangi muvozanat shakllantirishga kirishdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA