Fozil Farhod Koreyadagi VI Osiyo adabiyot festivalida ishtirok etdi
Keyingi yillarda milliy adabiyotimizga qaratilayotgan e’tibor o‘zbek ijodkorlarining turli xalqaro adabiy loyihalarda muvaffaqiyatli qatnashishiga imkon yaratmoqda.
2026-yil 18–19-sentabr kunlari Janubiy Koreyaning Kvanju shahridagi Milliy Osiyo madaniyat markazida VI Osiyo adabiyot festivali bo‘lib o‘tdi.
«Words that Welcome, Voices that Unite» – «Tinchlik, hamjihatlik va mehmondo‘stlik tili» mavzusida tashkil etilgan festivalda Osiyoning turli mamlakatlaridan shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar hamda madaniyat vakillari ishtirok etdi. Tadbirlarda urush va tinchlik, tarixiy xotira, inson va tabiat munosabati, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik kabi mavzular muhokama qilindi.
Festivalda O‘zbekiston nomidan shoir Fozil Farhod qatnashdi. U «The Land Bears Witness: Paths to Coexistence» — «Yer guvohlik beradi: birga yashash yo‘llari» mavzusidagi ikkinchi sessiyada ishtirok etdi.
Sessiyada koreyalik shoir Kim Suyol va yozuvchi Xvan Mo Gva ham qatnashdi. Tadbirni adabiy tanqidchi Ko Myonchxol boshqarib bordi.
Fozil Farhod sessiya doirasida «The Voice of War and Peace» — «Urush va tinchlik ovozi» mavzusida ma’ruza qildi. Unda urushning inson taqdiriga ta’siri, tarixiy xotira va shoirning bu xotirani avlodlarga yetkazishdagi vazifasi haqida fikr bildirdi.

«2 million ovozni dunyoga yetkazish – shoirlik burchim»
Koreyaning Gwangjuin nashri festivalning ikkinchi sessiyasi haqidagi materialida Fozil Farhodning tarixiy xotira va shoirlik mas’uliyati haqidagi fikrlarini ham keltirgan.
Shoir Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistondan qariyb 2 million kishi frontga safarbar etilgani va ularning 500 mingdan ortig‘i janglarda halok bo‘lganini ta’kidladi.
Fozil Farhod ana shu fojiali tarixda qolgan «2 million ovoz»ni dunyoga yetkazishni shoirlik burchi sifatida ta’rifladi. Uning ta’kidlashicha, urush mavzusi uning uchun statistik ma’lumotlar emas, balki insonlarning taqdiri, xotirasi va avlodlarga qolgan ma’naviy merosi bilan bog‘liq.
Jeju 4·3 xotirasi
Shoir ma’ruzasi davomida Jeju orolidagi ijodiy faoliyati haqida ham so‘zladi. Aytish kerakkki, Fozil Farhod Jejuda uch oy davomida ijod qilgani va shu vaqt mobaynida orol tarixidagi Jeju 4·3 voqealari bilan bog‘liq og‘riqli xotirani chuqur his qilganini bildirdi. U Jeju 4·3 xotirasini osiyolik ijodkor sifatida qabul qilganini, ushbu tarixiy fojia haqida mulohaza yuritish uning ijodiy qarashlariga ta’sir ko‘rsatganini aytdi.
Ijodiy anjuman doirasidagi sessiyada Fozil Farhod o‘zining «Yig‘layotgan tarix» nomli she’rini ham o‘qib eshittirdi.
Asarda tarixiy xotira, inson boshidan kechirgan fojialar va o‘tmish voqealarining bugungi avlod qalbida qoldirgan izlari aks etgan.
Festival dasturi doirasida Osiyo mamlakatlaridan kelgan ijodkorlarning she’riy o‘qishlari tashkil etildi. Unda Fozil Farhod «Urush-urush o‘yini» nomli she’rini o‘qib berdi.
Shoirning festival davomida o‘qigan «Yig‘layotgan tarix» va «Urush-urush o‘yini» she’rlari tadbirning urush, tinchlik va tarixiy xotira mavzulari bilan uyg‘unlashdi.

Kvanju va 5·18 xotirasi
Osiyo adabiyot festivalining Kvanju shahrida o‘tkazilishi ham tadbir mavzusi nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
1980-yilda Kvanjuda yuz bergan 5·18 demokratik harakati shahar tarixida muhim o‘rin tutadi. Bugun Kvanjuda ushbu voqealar xotirasiga bag‘ishlangan muzeylar, xotira maskanlari va yodgorliklar mavjud.
Shu ma’noda urush, tinchlik va tarixiy xotira masalalariga bag‘ishlangan xalqaro adabiy muloqotning Kvanju shahrida o‘tkazilishi festivalning asosiy mavzulari bilan uyg‘un bo‘ldi.
VI Osiyo adabiyot festivali Fozil Farhod uchun o‘zbek she’riyatini xalqaro adabiy muhitda namoyon etish, urush va tinchlik, tarixiy xotira hamda inson taqdiri haqidagi ijodiy qarashlarini Osiyoning turli mamlakatlaridan kelgan ijodkorlar bilan baham ko‘rish imkonini berdi.
N.Usmonova, O‘zA