FOTOGALEREYA: Qadimiy zaminning zamonaviy qiyofasi
«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot vakelajak yaratamiz!»
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
Buxoro — ming yillik tarix va boy ma’naviy meros, zamonaviy taraqqiyot va yangilanish uyg‘unlashgan betakror yurt. Bugun viloyat hayotiga nazar tashlar ekanmiz, asrlar davomida o‘zining qadimiy qiyofasini asrab kelgan bu zaminda yangi davr nafasi, ulkan bunyodkorlik ruhi va inson manfaatlariga qaratilgan islohotlar samarasini ko‘rish mumkin.
So‘nggi yillarda Buxoro viloyatining shahar va tumanlarida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi turar joylar, zamonaviy ijtimoiy ob’ektlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, yo‘l va muhandislik infratuzilmalari barpo etilib, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayapti.
Bu jarayonlarda inson qadri va uning farovonligi bosh mezon sifatida namoyon bo‘lmoqda. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarni ilm-fan va sportga jalb etish borasidagi ishlar viloyatning bugungi hayotida muhim o‘rin tutmoqda. Yangi bilim va ko‘nikmalarga ega, ertangi kunga ishonch bilan qadam qo‘yayotgan yoshlar — Buxoroning eng katta boyligi, kelajak salohiyatidir.
[gallery-30860]
Qishloq xo‘jaligida ham zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiyalar va samaradorlikka asoslangan tizimlar keng joriy etilmoqda. Yerdan unumli foydalanish, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlar qishloqlar hayotida yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirmoqda.
Sanoat va ishlab chiqarish sohasidagi o‘zgarishlar ham viloyat iqtisodiy salohiyatining yuksalayotganidan dalolat beradi. Zamonaviy korxonalar, yangi ishlab chiqarish loyihalari, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tashabbuslar hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Buxoroning betakror tarixi va sayyohlik salohiyati esa viloyat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Qadimiy obidalar, muqaddas qadamjolar, milliy hunarmandchilik an’analari va zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi viloyatning dunyo sayyohlari uchun jozibadorligini yanada oshirmoqda. Tarixiy merosni asrash va uni zamonaviy turizm imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish borasidagi ishlar Buxoroning yangi qiyofasini shakllantirmoqda.
Ushbu fotosuratlarda ana shu jarayonlarning turli manzaralari — bunyodkorlik va yangilanish, ilm-fan va ta’lim, tibbiyot va sport, ijtimoiy hayot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarish, turizm hamda, eng muhimi, bu o‘zgarishlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan insonlar hayoti aks etgan.
Zero, mustaqillikning 35 yilligi — nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlash, balki erishilgan natijalarni qadrlash, bugungi imkoniyatlardan kuch olib, kelajak sari yanada katta maqsadlar bilan intilish davridir.
Buxoroning bugungi qiyofasida tarixga ehtirom, bugunga ishonch va ertangi kunga yuksak intilish mujassam. Ushbu manzaralar yangi O‘zbekistonda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar va bunyodkorlik ishlarining Buxoro misolidagi o‘ziga xos solnomasidir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA