Fors ko‘rfazi: AQSHga tayanish kamlik qiladi (+video)
Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z mudofaa tizimini kuchaytirishi kerakligini ta’kidladi. Ular xavfsizlik masalasida faqat AQSHga tayanish yetarli emasligini, Eronga bo‘lgan ishonchni tiklash esa oson bo‘lmasligini aytdi. Shuningdek, ular o‘z iqtisodiyoti Tehronga bog‘liq yoki uning ta’siri ostida qolmasligi kerakligini bildirdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Qatar va BAA mintaqaviy xavfsizlik masalasida bir xil pozitsiyani namoyish etdi. Ularning ta’kidlashicha, urush davom etayotgan bir paytda Fors ko‘rfazi davlatlari Eron bilan munosabatlarini qanday yo‘lga qo‘yishni o‘zlari belgilashi va barcha sohalardagi hamkorlikni qayta ko‘rib chiqishi kerak.
Qatar Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili doktor Majidal-Ansoriy Ko‘rfaz davlatlarini o‘z mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga chaqirdi. U xavfsizlik masalasida faqat AQSHga suyanish mumkin emasligini ta’kidladi.
Qatarda AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan. Eron urushning dastlabki bosqichidagi uzoq davom etgan zarbalarini AQSH manfaatlariga qarshi qaratilganini aytgan. Biroq Qatar bu fikrni bir necha bor rad etib, Eron hujumlari uning hududidagi fuqarolik va iqtisodiy ob’ektlarga ham zarba berganini ta’kidlagan.
BAA prezidentining diplomatik maslahatchisi Anvar Gargash mintaqada Eron bilan munosabatlarni tiklashga to‘g‘ri kelishini aytdi. Uning fikricha, geografik joylashuv ularga Eron bilan muloqot qilishdan boshqa tanlov qoldirmaydi. Shu bilan birga, agar buzilgan ishonchni qayta tiklash istagi bo‘lsa, Eron bilan munosabatlarni so‘zlariga qarab emas, amallariga qarab baholash kerak. Anvar Gargash Vashington bilan hamkorlik hanuz muhimligini aytdi. Ammo urush Ko‘rfaz davlatlari o‘z mudofaasi uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligini ko‘rsatganini ta’kidladi.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA