Forish adirlarida uzumzorlar barpo etilmoqda
Har yili yilning shu faslida oʻt-oʻlanlar qovjirab atrof och jigarrang tusga kiradigan Forish tumanining janubiy Qizilqum va Nurota togʻ tizmalari tutashgan adirliklarida yashil maydonlar paydo boʻldi.
Har yili yilning shu faslida oʻt-oʻlanlar qovjirab atrof och jigarrang tusga kiradigan Forish tumanining janubiy Qizilqum va Nurota togʻ tizmalari tutashgan adirliklarida yashil maydonlar paydo boʻldi. Bu tumanning lalmikor hududlarida barpo etilgan yangi tokzorlardir.
Prezidentimizning 2020-yil 11-maydagi “Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muvofiq Jizzax viloyatining Forish tumanida 2020 – 2022-yillar davomida 12 ming 108 gektar yer maydoni bogʻdorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi.
Bu uzumzorlarning 11 ming 373 gektari Jizzax-Forish avtoyoʻlining ikki yonidagi Mehnatobod, Bogʻdon, Xonbandi fuqarolar yigʻinlari tarkibidagi qishloqlar hududidagi adirlar bagʻrida barpo etilmoqda.
Aynan shu hududlarning uzumchilikka ixtisoslashuvni bejiz emas. Turkiston togʻining Nurota va Pistalitogʻ oraligʻiga bu adirlarda quyosh chiqqandan to botguncha nur toʻkishi tufayli qadimdan oʻzining sershira uzumi, Bogʻdonning qora kishmishi bilan mashhur boʻlib kelgan. Bu ihtisoslashtiruv ana shu geografik, tuproq-iqlim sharoitlari, aholining tarixiy tajribasi, anʼana koʻnikmalar hisobga olinib amalga oshirilmoqda.
Ayni shu omillar tufayli Xonbandi mahallasi hududida uzumchilik, bogʻdorchilik, va sabzavotchilikka ixtisoslashgan “Lazzat-Kafolat” va “Forish Agro Nurafshon” agroklasterlari tashkil etildi. Klasterlar tomonidan shu yilning oʻzida 370 gektar maydonda uzumzor yaratilmoqda.
Shu maqsadda zich qator usulida tok qalamchalari ekildi. Birinchi yili tok qalamchalarini sugʻorish, parvarishlash oson boʻlishi uchun shu usul qoʻllanilmoqda. Kelgusida ancha baquvvatlashib qolgan koʻchatlar yangi maydonlarga oʻtqazilib qator oralari siyraklashtirish orqali uzumzorlar kengaytiriladi.
Bu adirlar chorva mollari boqishda foydalanib kelingani tuprogʻi tabiiy unumdor. Shuning uchun tok oʻtqazilgan qalamchalar bexato koʻkarib, yaxshi rivojlanayotir. Bundan tashqari, qator oralariga ekilgan sabzavot, poliz, dukkakli ekinlar ham baravj. Adirlarning yashil tusga kirgani sababi shundan.
– Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalanib Uchquloch adirlarida 500 gektar yerni oʻzlashtirib uzumchilik, sabzavochilik, polizchilikni yoʻlga qoʻydik, – deydi “Lazzat kafolat” klasteri rahbari Rahmat Narziyev. – Tok koʻchatlari orasini qishloqdagi yoshlarga foydalanishlari uchun ajratib berdik. Bundan tashqari, 130 gektar yerda pomidor yetishtirayotirmiz. Tomat seximiz bor. Oʻtgan yili xorijga 470 ming dollarlik 170 tonna tomat pastasi eksport qilgan edik. Bu yil ishlab chiqarishni yana kengaytirib, eksport hajmini yana oshiramiz.
Klaster uzum hosilga kirganga qadar vino zavodini ham ishga tushirish ustida ham ish olib borayotir. Shuningdek, uzum quritishni yoʻlga qoʻyib, Forishning mashhur qora kishmish mayizini eksportga chiqarish ham yaqin kelajakdagi rejadan oʻrin olgan.
Ishlab chiqarishning kengayishi esa ish oʻrinlarining koʻpayishiga olib keladi. Klasterda 800 ta yangi ish oʻrni yaratish moʻljallanayotir.
Tumaning barcha hududlarida qishloq xoʻjaligini ixtisoslashtirish orqali mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Asosiy maqsad aholining tirikchigi faqat chorvachilik, asosiy muammo ishsizlik boʻlgan hududda endi barcha tarmoqlarni rivojlantirish orqali barchani ish bilan taʼminlash harakati davom etmoqda. Bu hududda kamgʻallikni qisqatirishning eng ishonchli yoʻli ekanligini dastlabki samaralar ham koʻrsatib turibdi.