Foreign Policy: Rossiya hujumi Qora dengizda yuk tashilishini falaj qildi
Rossiyaning fuqarolik kemalari va port infratuzilmasiga qator hujumlaridan so‘ng Qora dengiz orqali yuk tashish deyarli to‘xtab qoldi. Yangi eksport mavsumi boshlanishidan oldin vaziyat yaxshilanmasa, dunyo oziq-ovqat inqiroziga duch kelishi mumkin, deb xabar tarqatdi “Foreign Policy” nashri.
Dengiz yo‘lagi rasman ochiq, ammo kema egalari raketa va dron hujumi bilan bog‘liq doimiy tahdid tufayli kema yuborishdan bosh tortmoqda.
Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya faqat iyul oyining o‘zida ham port, ham dengizda 57 Ukraina va xorijiy savdo kemalariga zarba berdi. Kiyev rasmiylari fikricha, ushbu zarbalar natijasida don eksporti allaqachon taxminan uchdan bir qismga kamaygan, dengizda yuk tashish narxi ham deyarli ikki barobar oshgan.
Nashr Qora dengiz portlari mamlakatning asosiy eksport yo‘nalishi ekanini ta’kidlagan.
Ukraina qishloq xo‘jaligi eksportining taxminan 90 foizi, shuningdek mamlakatga valyuta tushumining taxminan to‘rtdan uch qismini tashkil qiladigan metallurgiya va konchilik mahsulotlari asosan shu yo‘nalish orqali o‘tadi. Agrar siyosat vazirligi 2026-yil eksport daromadi bevosita yo‘qolishini 1,5-3 milliard dollarga baholadi.
S.Rahimov, O‘zA