Firibgarlik holatiga chek qo‘yildi
“Yunusobod business city” tadbirkorlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish Direksiyasi” davlat unitar korxonasi xodimi mazkur markazda ko‘p qavatli turar-joy binolari qurish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga tadbirkordan 300 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, “Yunusobod business city” tadbirkorlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish Direksiyasi hamda tadbirkor o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, markaz hududidagi eski uylarni buzish va qurilish uchun joy tayyorlash maqsadida, muqaddam tadbirkor tomonidan Direksiya hisobiga 22 mlrd. so‘m miqdoridagi investitsiya mablag‘i o‘tkazib berilgan.
Lekin, shunga qaramasdan Direksiya xodimi turli bahonalar bilan qurilish boshlashga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishni ortga surib, ushbu masalani ijobiy hal etib berish uchun pul talab qilgan.
Hozirda holat yuzasidan Direksiya xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA