Fidoyilik va jasorat xotirasi
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, O‘zLiDeP va muzey hamkorligida “Fidoyilik va jasorat xotirasi: bugungi yoshlar nigohida” mavzusida anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda so‘z olgan deputatlar Oydin Abdullayeva hamda Otabek Musurmonov bugun yoshlarimizga yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlar haqida to‘xtalar ekan, ana shunday hur, erkin, ozod va obod Vatan orzusi, ilm-ma’rifatli avlod orzusi jadid bobolarimizning asl maqsad va maslagi bo‘lganiga urg‘u berdi.
[gallery-29258]
Bu kunlarga yetib kelishimizda millatimiz ma’rifatliligi yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimizning xizmatlari, qahramonliklari, fidoyiligi alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Ularning misli ko‘rilmagan darajadagi millatparvarligi, yurtning ertasi bo‘lgan yoshlarning ilm-ma’rifatli bo‘lishi yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlari bugungi avlod uchun namuna ekani aytib o‘tildi.
Ta’kidlandiki, yurt ozodligi, millat uyg‘oqligi yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun qatag‘onga uchragan, surgun qilingan, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan bobolarimizni faqatgina Xotira va qadrlash kuni arafasida emas, har doim eslash, xotirlash, ularning jasoratini, matonatini yosh avlodlarga yetkazish muhim hisoblanadi.
– Vatanimiz mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida minglab ota-bobolarimizning xizmatlari katta, – deydi deputat Otabek Musurmonov. – Ularning qahramonliklarini xotirlash va qadrlashda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ham alohida o‘rin tutadi. Bu yerda namoyish etilgan tariximizga oid aniq faktlar yoshlarimizning o‘tmishdan to‘g‘ri xulosa chiqarishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, bugungi avlod bor kuchini bilim olishga sarflashi va shu orqali mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shishi lozimligini yana bir bor eslatadi. Shu ma’noda yoshlar bilan bunday uchrashuvlar alohida ahamiyatga ega hisoblanadi.
Tadbirda muzey xodimi Aziza Ahrorova ma’ruza qilib, muzeyning ilmiy xodimlari tomonidan qatag‘on qurbonlari nomlarini tiklash, tarixini o‘rganish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, yoshlar ham so‘z olib, ajdodlarga munosib avlod bo‘lish ilinjida harakat qilish har bir yoshning asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi zallari bo‘ylab ekskursiya qildi hamda tarixiy fakt va ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdi.
Muhtarama Komilova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA