Festivalga tayyorgarlik davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marta rassomlar festivali o‘tkazib borilishi belgilangan.
Ayni kunda ushbu festivalga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida festivalni tashkil etish, uning asosiy yo‘nalish va konsepsiyasini belgilash, ishtirokchilarni jalb etish, saralash, nominatsiyalar kesimida baholash mezonlari bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqilib, ana shu asosda ishlar olib borilmoqda.
Festival bo‘lib o‘tadigan Bobur shahridagi “Ziyolilar” bog‘ida har bir nominatsiya bo‘yicha maxsus pavilonlar tayyorlash belgilab olindi.
Umuman, mutasaddilar tomonidan festivalni shaffof va yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-28918]
Joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan festivalda “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom”, “Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.