Festival ishtirokchilari yoshlar bilan uchrashdi
Avval xabar berilganidek, Farg‘onada “Adabiy do‘stlik - abadiy do‘stlik” shiori ostida xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivali bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishida 30 ga yaqin mamlakatlardan kelgan shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar ishtirok etishyapti.
Bugun festival tantanalari Farg‘ona davlat universitetida davom etdi.
– Adabiyot ravnaqi yosh yozuvchi - shoirlarga qanchalar bog‘liq bo‘lmasin, xuddi shuningdek, yosh kitobxonlarga, ularning ma’naviy ruhiyati va ehtiyoji, talabiga ham bog‘liqdir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Prezidentimiz yosh ijodkorlarni qo‘llab - quvvatlar ekanlar, kitobxonlik darajasini oshirish ham davlat siyosati maqomini oldi.
Tadbirda Turkiya, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan kelgan ijodkorlar so‘zga chiqib, adabiyot xalqlar birdamligiga xizmat qiluvchi eng qudratli vosita ekanini qayd qildilar.
[photobank-Foto ID: 482733]
Festival qatnashchilarining yoshlar, yosh ijodkorlar bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga yangi qabul qilinganlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Adabiyot va kitobxonlik festivali davom etmoqda.
Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov(video, surat),
O‘zA