Feruza – o‘zbek qo‘shiqlarining mohir ijrochisi
Zulfiyaxonim izdoshlari
Yurtimizda iqtidorli va faol qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovi o‘tgan yillar davomida madaniyat, san’at, fan, ta’lim, adabiyot va jamoatchilik yo‘nalishlarida yosh iqtidor sohibalarini kashf etmoqda.
Jumladan, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizning yuzlab iste’dodli qizlari ana shu yuksak mukofot sohibiga aylandi. Joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar orasida andijonlik, Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabasi Feruza Abdukarimova ham bor. Ana shu yuksak mukofotga san’atning an’anaviy xonandalik yo‘nalishi bo‘yicha sazovor bo‘lgan iste’dod sohibasi Feruza Abdukarimova izlanuvchan, yurtimizning faol yoshlaridan biri. U nafaqat san’atga, balki turli fanlarni puxta o‘zlashtirishga, xorijiy tillarni o‘rganishga, sportga ham katta qiziqish bilan qaraydi. Uning xonandalik san’atiga qiziqishi o‘zgacha, bolaligidanoq murg‘ak qalbiga qo‘shiqchilikka bo‘lgan muhabbat muhrlagan.
[gallery-10953]
Maktabda, keyinchalik san’at maktabida o‘qib yurgan davrlardayoq o‘zining chiroyli qo‘shiqlari, xonandalik mahorati bilan ustozlari, mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan. U bir qator ijodiy tanlovlarda faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Undagi iste’dod yillar davomida o‘sib, toblanib bordi. Ayniqsa, Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati institutida ustozlaridan sohaning sir-asrorlarini ham nazariy, ham amaliy jihatdan chuqur o‘rgandi. U Farg‘ona-Toshkent, Xorazm maqomlari yo‘nalishidagi xalq qo‘shiqlarini dutor jo‘rligida mahorat bilan ijro etadi.
Jumladan, uning ijrosida “Shashmaqom”, “Talqinchai savti chorgoh”, “Savti suvora”, “O, yo”, “Eshvoy”, “Ne navo” kabi qo‘shiqlarni tinglagan har qanday kishining qalbi qo‘shiq sehriga maftun bo‘ladi, ijrochining mahoratiga yuqori baho beradi. Feruza turli yillarda “Lider qizlar”, “Yoshlar ovozi”, “Maqom – 2021” festivallari va boshqa qator tanlovlarda ishtirok etib g‘oliblar safidan o‘rin oldi. A’lo o‘qishi va faolligi uchun 2022 yilda Islom Karimov nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, Feruza san’at, an’anaviy xonandalik yo‘nalishidagi xalqaro tanlovlardagi ishtiroki bilan o‘zbek qo‘shiqchiligining o‘ziga xos an’analarini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shmoqda.
O‘zbek qizi ijrosidagi mumtoz asarlar xalqaro ko‘rik-tanlovlar va festivallarda yangragani va e’tirof etilgani esa qalblarimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi. Feruza Abdukarimova Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Global talents”, Toshkentda o‘tkazilgan “Open Asia – 2022” xalqaro ko‘rik-tanlovlarining “Milliy vokal” nominatsiyalari bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallab, maxsus diplomlarga sazovor bo‘ldi. O‘tgan yili Turkiyada bo‘lib o‘tgan “Magnificent Istanbul” xalqaro ko‘rik-tanlovida Feruza ijro mahorati, o‘zbek qo‘shiqchiligining o‘ziga xos jihatlarini yuksak darajada namoyish etib, tanlovning mutlaq g‘olibi bo‘ldi, gran-pri mukofoti bilan taqdirlandi.
Feruza yurtimiz hamda xorijda chop etiladigan nashrlardagi “Maqomni dunyoga tanitamiz”, “Yunus Rajabiyni xotirlab”, “Mumtoz meros ustasi”, “Ustozlarning munosib davomchilari” kabi o‘nlab maqolalari bilan o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati an’analari, ulug‘ darg‘alar faoliyatini keng targ‘ib etishda ham faollik ko‘rsatmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Feruza o‘zbek mumtoz qo‘shiqlarini yuksak mahorat bilan ijro eta oladigan, shu bilan birga, milliy qo‘shiqchiligimizni dunyoga tanitayotgan yorqin iste’dod sohibalaridan biridir.
– Qo‘shiqchilik san’ati jonu dilim, hayotimning mazmuni, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Feruza Abdukarimova. – Men eng avvalo, yurtimizning iste’dodli qizlari uchun ta’sis etilgan ushbu yuksak mukofotga munosib ko‘rilganligimdan behad mamnunman. Qolaversa, ushbu mukofot zimmamga yuksak mas’uliyat yuklaydi. Kelajakda o‘z ijodim, mehnatim bilan ona Vatanimiz ravnaqi, san’atimiz rivoji uchun xizmat qiladigan inson bo‘lishga harakat qilaman. Iste’dod va iqtidor sohibasi Feruza Abdukarimovaning dilidagi samimiy niyatlari albatta, ijobat bo‘ladi. Chunki unda g‘ayrat, shijoat, intilish bor, qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari mujassam, ko‘zlarida esa ertangi kunga ishonch va umid porlab turibdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA