Faxriylarga ko‘krak nishonlari topshirildi
Inson qadrini ulug‘lash, keksalarning hayot darajasini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar markazida turadi.
O‘zbekistonda umrini halol mehnat, farzand tarbiyasiga bag‘ishlagan, el-yurt koriga yarab yashayotgan har bir inson ardoqda.


Jamiyatda nuroniy otaxon va onaxonlarning oila va mahallalarda tinchlik, osoyishtalikni ta’minlash, yoshlarni xalqning ko‘p asrlik an’analari ruhida tarbiyalashda xizmati katta. O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 14 iyuldagi qarori bilan ko‘p yillar davomida jamiyatning turli sohalarida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, hayotini farzandlariga bag‘ishlab, ularni ona vatanga muhabbat ruhida tarbiyalab kelgan otaxonu onaxonlar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib kelmoqda.


Farg‘ona viloyatida ham 430 ming nafar mehnat faxriysi bor. To‘kin dasturxon atrofiga yig‘ilgan otaxon va onaxonlarga davlat rahbarining mehr va e’tibori yetkazildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ahmedov 82 nafar faxriyga I, II, va III darajali “Mehnat
faxriysi” ko‘krak nishonlarini topshirdi.
– Biz bu kabi g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekiston Prezidentidan cheksiz minnatdormiz, – deydi ko‘krak nishoni sohibi Mashrabjon Xurboyev. – Bor bilim, tajriba va kuchimizni Vatan ravnaqi uchun sarflaymiz.
Muhammadjon Obidov, O‘zA