Farovonlikning muhim omili
Nukusda Orolbo‘yi hududida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning iqtisodiy-ekologik muammolari mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Nukusda Orolbo‘yi hududida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning iqtisodiy-ekologik muammolari mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, xorijlik olimlar ishtirok etdi.
Anjumanda Xitoy Xalq Respublikasi, Polsha, Rossiya davlatlarining oliy o‘quv yurtlari, mamlakatimizdagi chet el oliy o‘quv yurtlari filiallari olimlari, xorijiy firma va kompaniyalar mutaxassislari ham internet orqali o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Iqtisodiyotimiz taraqqiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni tobora ortib bormoqda. Xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2014-yilda tadbirkorlik sohasida 480 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgani fikrimiz dalilidir. Bugungi kunda iqtisodiyotda band bo‘lgan aholining 76,5 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Anjumanda sohani izchil rivojlantirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni kengaytirish, bandlikni ta’minlash va aholi farovonligini yuksaltirishda tadbirkorlikning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga investitsiya jalb etish, malakali mutaxassislar tayyorlash, hududdagi barcha mineral xomashyo resurslarini o‘zlashtirish, ulardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Sohani yanada rivojlantirish borasida olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari tahlil etilib, o‘zaro tajriba almashildi.