Farmatsevtika: xalqaro tajriba va innovatsion yechimlar muhokamasi
Bugungi kunda milliy farmatsevtika bozorini rivojlantirishda zamonaviy IT-texnologiyalar va global tahliliy ma’lumotlardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yo‘nalishda xalqaro ekspertlar bilan olib borilayotgan muloqotlar sohada shaffoflikni ta’minlash va investitsiyaviy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda dunyoning yetakchi analitika va raqamli yechimlar kompaniyasi — IQVIA vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida kompaniya tomonidan O‘zbekiston farmatsevtika bozorining joriy holati, o‘sish sur’atlari va asosiy tendensiyalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, mamlakat farmatsevtika bozori mintaqada jadal rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kirishi va barqaror o‘sish dinamikasiga ega ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, farmatsevtika bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, bozor ma’lumotlari shaffofligini kuchaytirish, regulyator muhitni takomillashtirish hamda xalqaro investorlar uchun axborot imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
IQVIA MIDAS global ma’lumotlar bazasi hamda Agentic AI texnologiyalari taqdim etilib, ular orqali bozorni chuqur tahlil qilish, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun eksport imkoniyatlarini baholash va asoslangan strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatlari namoyish etildi.
Bundan tashqari, xalqaro referent narxlarni avtomatlashtirilgan tarzda hisoblash va shaffof narx siyosati yuritishga xizmat qiluvchi Price Monitor tizimi ham taqdim etildi. Ushbu yechim turli davlatlar kesimida narxlarni tahlil qilish, milliy metodologiyalar asosida hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida zamonaviy raqamli va analitik yechimlarni joriy etish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Mazkur qadamlar tarmoq boshqaruvini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim poydevor bo‘ladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA