Farg‘onaga 15 ta gemodializ apparati berildi
Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yangi ekstrakorporal detoksikatsiya bo‘limi ochilib, zamonaviy gemodializ apparatlari bilan ta’minlandi.
Endi gemodializ uchun qo‘shni viloyatlar hamda Toshkent shahriga qatnab qiynalib yurgan bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan shu yerning o‘zida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Tibbiyot sohasida islohotlar aholining hayotdan roziligi, el-yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois ham bugungi kunda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilyapti. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida bu kabi ezgu ishlarning ko‘lami yanada kengaymoqda.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 29 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan 5 mingdan ortiq bemor ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinib, shu maqsadlar uchun byudjetdan 140 milliard so‘m yo‘naltirilishini ta’kidlagan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Farg‘ona viloyatiga Germaniyaning “Fresenius Medical Care” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 15 ta gemodializ apparatlari ajratildi. Ularning 10 tasi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga, 5 tasi endokrinologiya dispanseriga o‘rnatildi.
– Viloyatimiz aholisi orasida 7 ming 766 nafar surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan og‘rigan bemorlar nazoratda turadi, – deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Odiljon Umarov. – Bemorlarning 1 ming 978 nafarida ikkilamchi buyrak bujmayishi kasalligining turli bosqichlari aniqlangan. Ularning 478 nafari gemodializga muhtoj bo‘lgan bemorlar. Ayni paytga qadar 218 nafar bemorga viloyatda tashkil etilgan ekstrakorporal detoksikatsiya bo‘limlarida rejali ravishda gemodializ amaliyotlari o‘tkazilmoqda. 2013 yildan hozirga qadar 96 nafar bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Gemodializ apparatlar uchun maxsus bo‘lim tashkil etilib, mukammal ta’mirdan chiqarildi. Bu yerda bir kecha-kunduzda 40 nafar bemorda gemodializ muolajalari o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yangi bo‘limning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov sog‘liqni saqlash muassasalarining zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlanishi aholi salomatligini asrashga qaratilgan yuksak e’tibor samarasi ekanligini ta’kidladi. Bo‘lim faoliyati bilan tanishilib, gemodializ apparatlarining ishlash jarayoni kuzatildi. Bugun ilk bemorlar qabul qilinib, gemodializ muolajalarini olishdi.
M. Sulaymonov, O‘zA
M. Qodirov olgan surat