Farg‘onada zamonaviy gimnastika tayyorlash markazi foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan, xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy tayyorlash markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, vazirlik va idoralar rahbarlari, sport sohasi vakillari, murabbiylar hamda yosh sportchilar ishtirok etdi.
Umumiy maydoni 1,3 gektarni tashkil etuvchi markazning loyiha qiymati 66,9 milliard so‘mni tashkil etadi. Qurilish ishlari «O‘zavtosanoat» AJ mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.
Loyihaning birinchi bosqichida 174 o‘rinli yotoqxona va 100 o‘rinli oshxona barpo etildi, mavjud sport zallari kapital ta’mirlandi, hudud to‘liq obodonlashtirilib, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratildi. Shuningdek, Sport vazirligi tomonidan markaz gimnastika mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangan 91 turdagi zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlandi.
Sportchilar va murabbiylar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy ISUZU rusumli avtobus xarid qilinib, markaz yangi mebellar hamda zarur oshxona jihozlari bilan ta’minlandi.
[gallery-30439]
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur markaz gimnastika sport turlarini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish, ularning mahoratini oshirish hamda xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan yuqori malakali sportchilarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA