Farg‘onada “Yoshlar festivali” ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda
Tashabbuskorlik, ilmga chanqoqlik, jo‘shqinlik kabi fazilatlar yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari chorlamoqda. Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot davrida barkamol avlod vakillari bir chetda qarab turgani yo‘q. Ular o‘zlarining bilimi, iqtidori va ezgu tashabbuslari bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shish harakatida.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilayotgan “Yoshlar festivali”da ularning tashabbuslari, g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanyapti, rahbarlar, turli soha vakillari bilan muloqot maydoni yaratib berilyapti. Shu bois ham yoshlar festival doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
Barcha shahar va tumanlarda festival doirasida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari”, “Sektor rahbari va yoshlar”, “Deputat va yoshlar”, “Mening kasbim”, “Modalar namoyishi”, “Harbiy texnikalar namoyishi”, “Zakovat”, “Hech kim mehr va oqibatdan chetda qolmasin” kabi ommaviy tadbirlar o‘tkazilmoqda. E’tiborli jihati, ularda barcha yoshlar qatlamlari qamrab olinmoqda.
[gallery-527]
–Viloyatimizda yoshlar bilan ishlashda butunlay yangicha tizim joriy qilinib, 7 ta yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda,– deydi Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Risolatxon Mamajonova. – Bunda yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, san’at, sport, harbiy vatanparvarlik kabilar kunlik ish rejadan joy oldi. Joylarda tashkil etilayotgan “Yoshlar festivali” farg‘onalik yoshlarning tashabbuslariga qanot bo‘lyapti, desak yanglishmaymiz. Bu tadbir ularni birlashtirdi, yangi loyihalar sari undamoqda.
“Deputat va yoshlar” loyihasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Nodirjon Tilavoldiyev, Doniyorjon G‘aniyev va Umidjon Jabborovlar yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masala va takliflarni o‘rtaga tashladi.
Farg‘ona shahridagi Sharqiy harbiy okrugning ma’naviyat va ma’rifat markazida esa “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlarga harbiylarning hayoti oddiy misollar yordamida tushuntirib berildi.
Shu kabi tadbirlar barcha hududlarda davom etmoqda.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA