Farg‘onada Xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivali bo‘lib o‘tadi
Bugun kunning ikkinchi yarmida Marg‘ilon shahridagi "Vodiy gavhari" – "Burhoniddin Marg‘inoniy" ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida "Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik" shiori ostida Xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivali o‘z ishini boshlaydi.
Unda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tatariston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Belarus va boshqa mamlakatlardan yozuvchi va shoirlar, yurtimizning taniqli adabiyot namoyandalari hamda TURKSOY vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir doirasida mamlakatning yirik nashriyotlari hamda Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan nashriyotlar tomonidan kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab adibning turk tilida nashr etilgan "So‘z latofati" kitobining taqdimoti, "Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik" shiori ostida mahalliy va xorijiy ijodkorlarning talabalar bilan ijodiy uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Farg‘ona adabiyot va do‘stlik bayrami, so‘z va badiiyat ayyomini kutmoqda.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA