Farg‘onada “Tadbirkorga ko‘mak markazlari” ish boshladi
Prezidentimiz joriy yil 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, soliq sohasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida soliq organlari tadbirkorlar bilan uchrashib muammolarini tinglashi, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirishi, ularga ko‘makchi bo‘lishlari yuzasidan qator topshiriqlar bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi, shuningdek, “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida soliq to‘lovchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatning shahar va tumanlarida “Tadbirkorga ko‘mak markazlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, ana shunday markazlardan biri Farg‘ona shahridagi markaziy dehqon bozorida barpo etildi. Hududdagi tadbirkorlar soliq sohasiga oid biror muammoni hal etish uchun bevosita davlat soliq inspeksiyasiga bormasdan o‘zlariga har tomonlama qulay bo‘lgan “Tadbirkorga ko‘mak markazi” ga tashrif buyurgan holda masalaga oydinlik kiritishlari mumkin. Albatta, ushbu jarayon tadbirkorning ham vaqti, ham naqdi tejalishiga xizmat qiladi. E’tiborlisi, ushbu markazga bir nafar soliq idorasi xodimi biriktirilgan bo‘lib, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Soliq to‘lovchi uchun eng quvonarlisi, markazdagi barcha xizmatlar bepul. Bu yerda fuqarolarga soliq qonunchiligiga oid so‘nggi o‘zgarishlarni tushuntirish bilan birga, tadbirkorlarga hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish, soliq hisobotlarini yuborish, qulay soliq rejimini tanlash, dastlabki buxgalteriyani yuritish kabi masalalar yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
“Tadbirkorga ko‘mak markazi” faoliyati Marg‘ilon shahridagi markaziy dehqon bozori hududida ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yerda ham “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili doirasida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Markazga tashrif buyurgan tadbirkorlarga soliq sohasiga oid yangiliklarni yetkazish bilan birga, onlayn nazorat-kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va foydalanish tartiblari batafsil tushuntirilmoqda. Qo‘qon shahar markaziy dehqon bozorida ham “Tadbirkorga ko‘mak markazi” ish boshladi.
Bu yerda ham hududdagi tadbirkorlarning og‘irini yengil qilish, soliqqa oid muammolarini tezkorlik bilan hal etish, xususan, ularga soliq hisobotlarini to‘g‘ri yuritishga hamda boshqa texnik xizmatlarni ko‘rsatishga ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda.
Ahamiyatlisi shundaki, bozor atrofida kichik tadbirkorlik sub’ektlari birgina nazorat kassa texnikasi bilan bog‘liq texnik nosozliklarni tuzatish uchun mutaxassislarni qidirib, turli ovoragarlichiliklar yuzaga kelardi.

Quvonarlisi ushbu markaz ishga tushirilishi bilan ularning nazorat kassa mashinalariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolari ham oson bitadigan bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, viloyatdagi “Tadbirkorga ko‘mak markazlari” ning aynan tadbirkorlar yonida tashkil etilayotgani tadbirkorlarning muammolarini ijobiy hal etish hamda ularga soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni muntazam yetkazib turishda muhim ahamiyat kasb etadi.
M. Sulaymonov, O‘zA