Farg‘onada “san’atkorlar xiyoboni” tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga ko‘ra, Farg‘ona viloyati hoikmligi va Madaniyat va turizm vazirligining Marg‘ilon shahar hokimligiga qarashli “Ijodkor bog‘i” hududida Farg‘onadan yetishib chiqqan xalq mehrini qozongan ustoz san’atkorlarning byustlari o‘rnatilgan “San’atkorlar xiyoboni” tashkil etiladi.
Farg‘ona viloyati hokimligi, tegishli vazirlik va idoralarga:
2023 yil 1 martga qadar xiyobonni tashkil etish bo‘yicha Marg‘ilon shahar hokimligiga qarashli “Ijodkorlar bog‘i” hududidan 0,20 gektar bo‘sh yer maydonini belgilangan tartibda ajratish;
xiyobonning yaxlit me’moriy kompleksi loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
xiyobonni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish vazifalari yuklatilgan.
“San’tkorlar xiyoboni”dan O‘zbekiston xalq artistlari – Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin qori Yoqubov, Lutfixonim Sarimsoqova, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Tamara Petrosyan – Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva kabi ustoz san’atkorlarning byustlari o‘rin oladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi 2023 yil 1 aprelga qadar byustlarning ijodiy va texnik parametrlarini ishlab chiqish hamda ularni 2023 yil 20 dekabrga qadar sifatli yaratish ishlarini amalga oshiradi.
O‘zA