Farg‘onada “Ikkinchi ustozlar milliy forumi” ish boshladi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi 5-umumta’lim maktabida “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostida “Ikkinchi ustozlar milliy forumi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, viloyat hokimligi kotibiyati mudiri Shohidbek Aslonov, soha mas’ullari, faol pedagoglar ishtirok etdi.
Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida viloyat ta’lim tizimi oldida turgan dolzarb vazifalarni belgilab olish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan forumda ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘z bordi. Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini zamonaviylashtirish, xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish mas’ullar oldidagi muhim vazifa ekanligi yana bir bor ta’kidlandi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida jami 955 ta maktab, 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internati, 20 ta “Barkamol avlod markazi”, 900 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, o‘tgan olti oy davomida tizimda sezilarli ishlar amalga oshirilganiga e’tibor qaratildi, yangi o‘quv yilidagi rejalarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Viloyatda xalqaro tajribani keng yo‘lga qo‘yish, xususan, yapon ta’lim tajribasini ommalashtirish maqsadida Yaponiyadan ta’lim bo‘yicha maslahatchi Goto Mikako jalb etilgani qayd etildi. Joriy o‘quv yilida har bir shahar va tumandan tanlab olingan bittadan maktabda sinov tariqasida Yaponiya ta’lim tajribasi tatbiq etilishi ma’lum qilindi.
[gallery-13140]
Ta’kidlanganidek, joriy yilda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan 26 ta maktabga tuman-shaharlardagi ta’lim darajasi yuqori bo‘lgan maktablardan oliy va birinchi toifali yuqori pedagogik salohiyatga ega bo‘lgan pedagoglarni jalb etib, ta’lim sifati va mazmunini oshirish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi. Viloyatdagi o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasini kelgusi yilda 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Forumning ochilish marosimidan so‘ng sho‘’balarga bo‘lingan holda pedagoglar ishtirokida 2 kunlik seminar-trening boshlandi.
O‘zA fotomuxbiri Muqimjon QODIROV olgan suratlar