Farg‘onada dunyo tennischilari o‘ynamoqda
Farg‘onada Xalqaro tennis federatsiyasi musobaqalari taqvimidan joy olgan o‘smirlar o‘rtasidagi J100 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnir o‘tkazilmoqda.
Ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimiz tennischilaridan tashqari Xitoy, Hindiston, Hon Kong, Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan tennischilar raqobatlashmoqda. Mazkur musobaqaning yakkalik bahslari ilk davrasida Behruzjon Baxshillayev, Abdulaziz Usmonjonov, Suhrob Saidov, Madinaxon Solijonova, Emiliy Kim kabi tennischilarimiz g‘alaba qozondi.
Juftlik uchrashuvlarida esa Nuriddin Baxtiyorov va Imron Haitboyev tandemi neytral tennischilar Mixail Xodorchenko va Pavel Skvortkov juftligini 6:2, 3:6, 10:8 hisobida yengdi. Opa-singil Emiliy va Keira Kim (O‘zbekiston ) dueti neytral tennischi Arina Maligina va hamyurtimiz Sabrina Olimjonovaga qarshi kortga chiqib, 0:6, 4:6 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Shuningdek, qizlar o‘rtasidagi juftlik bahslarida hamyurtlarimizdan Nigina Alimova hamda Zlata Chinnova hindistonlik Rishitha Reddiy, xitoylik Peyen Dengni 4:6, 6:4, 10:5 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa juftlik bosqichida g‘alaba qozongan tennischilarimiz chorak finalga yo‘l oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA