Farg‘onada avtomaktab o‘qituvchisi pora bilan ushlandi
Farg‘ona viloyatida transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari bilan bog‘liq jinoyat ishlari oshgan.
Albatta, bunday ayanchli hodisalarga ko‘proq haydovchilarning malakasizligi yoki o‘qimasdan turib haydovchilik guvohnomasini olishligi sabab bo‘lmoqda. Tanish-bilishchilik, tamagirlik holatlari barham topmayapti. Osongina avtomashina boshqarish huquqini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganlar shunday qing‘ir ishga qo‘l urishayotgani tashvishlanarlidir.
Sarvar Sarimsoqov Bag‘dod tumanidagi “Bogʼdod avto ustoz” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘qituvchi vazifasida ishlagan. Uning haydovchilik guvohnomasi berish vakolati bo‘lmasada nafs yo‘liga kirdi. F.Badalovga «V,S» toifadagi haydovchilik guvohnomasini Rishton tuman 2-TRIBda ishlovchi tanishlari orqali olib berishda yordam qilishini aytadi. Buning evaziga 400 AQSH dollari miqdorida «xizmat haqi» so‘raydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida pulni olgan vaqtida ushlanib, 400 AQSH dollari daliliy ashyo tariqasida olingan. Avtomaktab o‘qituvchisi sodir etgan jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilib, unga tegishli jazo tayinlandi. Shu o‘rinda bir mulohaza. Jinoyat uchun jazo muqarrar. Shunday ishlarga qo‘l urayotgan kishilar vijdoni oldida bir o‘ylab ko‘rishlari lozim. Har kuni sodir etilayotgan avariyalar natijasida qancha insonlar qurbon bo‘lmoqda yoki bir umr majruhga aylanyapti. Haydovchilikka o‘qigan, yo‘l-qoidalarini yaxshi bilganlar kamdan kam xatoga yo‘l qo‘yadi. Shunday ekan, o‘z hayotingizni pulga sotmang.
Oybek Mirsodiqov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudi raisi