Farg‘onada 43 ta bolalar maydonchasi qurilmoqda
Farg‘ona viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida ko‘p xonadonli uy joy fondiga tutash hududlarda bolalar va sport maydonchalari tashkil etilmoqda.
Bunday maskanlar nafaqat bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, balki salomatligini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqtirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir maydonchada o‘nga yaqin o‘yin qurilmasi o‘rnatilgan. Bunday maskanlarning texnik holati, tozaligi mahalla tomonidan doimiy nazorat qilinadi. Yaroqsiz holga kelgan o‘yin qurilmalari yangilanib, takomillashtirilib borilmoqda.
2017-2020 yillar mobaynida 319 ta bolalar sport maydonchalari barpo etildi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2010-2016 yillar mobaynida viloyat bo‘yicha atigi 64 ta bolalar maydonchalari qurilgan xolos. Joriy yilda esa bu ishlarning ko‘lami yanada kengayib, 43 ta bolalar maydonchasini qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda Farg‘ona shahrida 23 ta ana shunday maskanlarni qurish ishlari yakunlanmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA