Farg‘onada 11-aprel – Boshlang‘ich partiya tashkilotlari kuni keng nishonlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida 11-aprel sanasi “Boshlang‘ich partiya tashkilotlari kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, partiya tizimida quyi bo‘g‘inlar faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, “Yilning eng yaxshi boshlang‘ich partiya tashkiloti yetakchisi” ko‘rik-tanlovi orqali tashabbuskor, fidoyi va yetakchilik salohiyatiga ega partiya a’zolari saralab olinib, munosib taqdirlanmoqda. Bu esa partiya tizimida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, zamonaviy fikrlaydigan, yuqori intellektual salohiyatga ega kadrlarni aniqlash va ularning boshqaruv tizimida “sotsial lift” tamoyili asosida o‘sishiga zamin yaratmoqda.
Shuningdek, har yili mart–aprel oylarida viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan boshlang‘ich partiya tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazilib, partiya faoliyatining dolzarb masalalari muhokama qilinmoqda hamda kelgusi vazifalar belgilab olinmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat tashkiloti tomonidan boshlang‘ich partiya tashkilotlari safini kengaytirish, ularning samaradorligini oshirish va partiya bilan aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda viloyatda 934 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
[gallery-28699]
— Zamonaviy siyosiy partiya nafaqat qaror qabul qiluvchi, balki har bir fuqaro qalbiga yo‘l topuvchi tashkilot bo‘lishi lozim, - deydi O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi Shohruh O‘ktamov. — Shu jihatdan, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faolligini oshirish partiyaning xalq oldidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi. 11-aprel – “BPT kuni” yildan-yilga keng nishonlanib, istiqbolda boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari uchun o‘ziga xos kasb bayramiga aylandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA