Farg‘ona va namanganlik gandbolchi yoshlar muvaffaqiyatga erishdi
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” respublika final bosqichi musobaqalarining gandbol bahslarining erkaklar musobaqasida Farg‘ona davlat universiteti, gandbolchi qizlar musobaqasida esa Namangan davlat universiteti jamoasi oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Sport majmuasida gandbol bo‘yicha yigitlar jamoalari o‘rtasidagi final bahsida Farg‘ona davlat universiteti Namangan davlat universiteti vakillarini 46:42 ko‘rinishida dog‘da qoldirib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.

Gandbolchi qizlar o‘yinida esa Andijon davlat pedagogika universiteti jamoasini 35:32 hisobida mag‘lub etgan. Namangan davlat universiteti gandbolchilari bu yil ilk bor tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” oltin medallariga ega chiqdi.
Yigitlar musobaqasida 2-o‘rinni namanganliklar hamda 3-o‘rin uchun kurashda Andijon davlat pedagogika universiteti gandbolchilaridan 34:24 hisobida ustunlikka erishgan Samarqand davlat universiteti jamoasi bronza medallari bilan taqdirlandi.

Qizlar musobaqasida esa kumush medallar namanganliklarga, bronza medallari esa O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti jamoasini 33:27 ko‘rinishida yenggan Navoiy davlat universitetiga nasib etdi.
Voleybol bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning qizlar musobaqasida 1-o‘rin Buxoro davlat universiteti, 2-o‘rin Urganch davlat universiteti va 3-o‘rin Chirchiq davlat pedagogika universiteti voleybolchi qizlariga tegishli bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA