Farg‘ona davlat universitetining reytingi oshdi
Farg‘ona davlat universiteti ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar sari dadil intilmoqda. Butun dunyoga o‘z nufuzi va shaffofligi bilan tanilgan Buyuk Britaniyaning Times Higher Education –“THE” reytingida universitet natijalari e’tirof etildi. Unga ko‘ra, Times Higher Education (Impact Rankings) – dunyo universitetlarining BMT – “Barqaror rivojlanish maqsadlari” ga (SDGs) muvofiqligini baholovchi global reytingda 14 yo‘nalish bo‘yicha Farg‘ona davlat universiteti yuqori ko‘rsatkichlar bilan 1000+ natijani qayd etdi.
Eng quvonarlisi, oliygoh sifatli ta’lim bo‘yicha 43,8 ball bilan 601-800 o‘rinda e’tirof etilgani Farg‘ona davlat universiteti jamoasi tomonidan yoshlarni ilmu-ma’rifatli qilish, yangi O‘zbekistonga munosib yetuk kadrlarni tayyorlashda olib borilayotgan fidokorona mehnat samarasini ko‘rsatib berdi. Shuningdek, “University Impact Ranking – 2023” natijalarida universitet ochlikka barham berish bo‘yicha 41,8 ball bilan 301-400 o‘rinda, tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha 601-800, quruqlikdagi ekotizimlarini asrashda 401+, gender tengligi, munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish hamda tinchlik, adolat, samarali boshqaruv yo‘nalishida 801+ o‘rinni egallab turgani tahsinga loyiqdir. “THE” reytingining bu kabi yo‘nalishlaridan 14 tasida yuqori natijaga erishgan universitet jamoasi yanada yangi marralarni ko‘zlamoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA