Farg‘onada yapon choylari yetishtiriladi
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Farg‘ona viloyatida ham kunchiqar yurt bilan ko‘plab sohalarda do‘stona munosabat o‘rnatilgan bo‘lib, o‘zaro manfaatli loyihalar amalga oshirilayotir.
Xususan, joriy yilda “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasi 85 ming 894 AQSh dollarlik tibbiyot uskunalari, Qo‘shtepa tumanidagi 13-maktabgacha ta’lim davlat muassasasi 49 ming 664 AQSh dollarlik o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Rishton tumanida mazkur davlat bilan do‘stlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilgani natijasida ta’lim, turizm va qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu yerda “Rishton-Yaponiya” madaniy-iqtisodiy aloqalar markazi tashkil etilgan. Markazda yapon tilini o‘qitish maktabi ham faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, uni tamomlagan yuzdan ziyod yoshlar Yaponiyaning turli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olib, mutaxassislikka ega bo‘lishdi va ko‘pchiligi bugungi kunda ham o‘qishni davom ettirmoqda.
– Ayni kunlarda Rishton tumani Yaponiyaning Kioto prefekturasidagi Maydzuru shahri bilan birodarlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum tuzish arafasida turibdi, – deydi “Rishton-Yaponiya” madaniy-iqtisodiy aloqalar markazi rahbari G‘anisher Nazirov. – Shuningdek, biz choy plantatsiyasini tashkil etishni ham rejalashtirganmiz. Buning uchun markazimizga 3 gektar yer ajratildi. Bu yerda biz yapon choylarini mahalliylashtirish harakatidamiz. Yaponiya mutaxassislari tajribalari asosida Yapontematik bog‘i tashkil etiladi.
Farg‘ona shahrida yaqinda ish boshlagan Yaponiya bilan hamkorlikdagi “Mirai educational center” o‘quv va moslashtiruv markazi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur yangi markaz Yaponiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalardan biridir. Yaponiyada faoliyatini amalga oshiradigan fuqarolarni ketish oldidan moslashtirish va o‘qitish markazini tashkil etish uchun kunchiqar yurt mamlakati tadbirkorlari tomonidan investitsiya mablag‘lari kiritildi.
– Zamonaviy markaz faoliyati nafaqat tashqi mehnat migratsiyasi, balki ijtimoiy-madaniy, turizm sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga ham xizmat qiladi, – deydi o‘quv markazi direktori Habibullo Nazirov. – Bu yerda yapon tilini o‘rganish uchun barcha sharoit yaratilgan. Shuningdek, markazimiz ikki davlat madaniyati va qadriyatlarini, turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan ko‘plab tadbirlarni ham belgilab olgan.
Ikki davlat hududlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan aloqalar do‘stona munosabatlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qiladi.