Faol yoshlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi
Nukusda Ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil topganligining 22 yilligi munosabati bilan yoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Yoshlar markazi hamda Yoshlar texnoparki hamkorligida partiyaning “Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash” bo‘limi tomonidan tashkil etildi.

Uchrashuvda faol yoshlar, ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek partiya vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va tadbirkorlik jarayonlariga faol jalb etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zLiDeP faoliyati, partiyaning yoshlar siyosatidagi o‘rni va yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib berildi. Shuningdek, yosh tadbirkorlar uchun amalga oshirilayotgan loyihalar, grantlar, startaplar hamda imtiyozli kredit dasturlari haqida atroflicha ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv jarayonida yoshlar o‘z g‘oya va takliflarini bildirib, tengdoshlarining startap loyihalari bilan tanishdilar. Partiya vakillari yoshlar tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri