Faol sud xodimlari va ularning ota-onalari rag‘batlantirildi
Yil yakunida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilib, ijobiy natijalarni e’tirof etish kelgusi muvaffaqiyatlarning muhim omilidir. Namangan viloyati sudida bo‘lib o‘tgan tadbirda ayni shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Sud faxriylari, sudyalar va xodimlar, ularning ota-onalari ishtirokidagi bayram tadbirida viloyat sudi raisi Alisher Usmonov joriy 2023 yil davomida viloyat sudlarida olib borilgan islohotlar, odil sudlovni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarga to‘xtaldi. Sud tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar odil sudlov samaradorligida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning tegishli farmoniga binoan odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilgan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni joriy etilgan.

Bayram shodiyonalari arafasida ko‘p yillar sudyalik lavozimida samarali faoliyat olib borgan, o‘z vaqtida viloyat xo‘jalik sudiga rahbarlik qilgan, ko‘plab sudyalarning ustozi Muslimxo‘ja Muhiddinovga mazkur mukofot tantanali tarzda topshirildi.
Uctozlarning hayot yo‘llari barchamiz uchun ibrat maktabidir. Ularga e’zoz va e’tibor ko‘rsatish esa ezgu an’ana. Shu jihatdan, sud faxriylari Mahmudjon Qurbonov va Ilhomjon Ergashevga sud tizimidagi ko‘p yillik fidokorona mehnatlari e’tirofi sifatida Oliy sud raisi tomonidan yuborilgan bayram tabrigi o‘qib eshittirilib, esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.

Tadbirning yana bir e’tiborga molik jihati, tizimda samarali faoliyat olib borayotgan sudya va sud xodimlarining ota-onalariga tashakkurnoma topshirish jarayoni bo‘ldi. Zero, farzandi haqida iliq fikrlar, uning orqasidan rahmat eshitish har bir ota-ona uchun eng katta baxt. Bunday sharafga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining raisi Tojiddin Madrahimov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tumani sudining raisi Baxtiyor Obidov, viloyat sudining sudya katta yordamchisi Sardor Odilov va Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining sudya yordamchisi Tolibjon To‘rayevning ota-onalari loyiq ko‘rildi.

Yil sarhisobi sifatida tashkil etilgan tadbirda o‘z fidoyiligi bilan namuna ko‘rsatayotgan Namangan viloyati sudining bir guruh xodimlari, shuningdek, sud tizimi tarixi va bugunini aks ettiruvchi kitob tayyorlashga munosib hissa qo‘shayotgan faxriy jurnalist Rahimjon Irisov ham e’tirof etildi. Boshqa lavozimga o‘tgan sudyalar tantanali tarzda kuzatilib, yangi lavozimga tayinlangan sudyalar tanishtirildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri