Faktoring xizmatlarini ko‘rsatish kengayadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) operatsiyalarini tartibga soluvchi asosiy normalar Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solib kelinmoqda. Biroq amaldagi normalar faktoring munosabatlarini amalga oshirish va tartibga solish yuzasidan mazkur sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, mamlakat moliya bozorida faqatgina faktoring faoliyati bilan shug‘ullanuvchi alohida moliya institutining mavjud emasligi tadbirkorlar va investorlar tomonidan faktoring bozoriga investitsiya kiritilmayotganiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekistonda faktoring munosabatlarini rivojlantirish maqsadida qonun hujjatlari, xususan, Fuqarolik kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga xalqaro tajribadan kelib chiqib bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonda faktoring munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari normalari xalqaro tajribaga muvofiqlashtirilib, faktoring xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilishiga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA