Fakt va raqam: Qaysi davlatlar yadro quroliga ega?
Global xavfsizlik va geosiyosiy muvozanatni tushunishda raqamlar eng ishonchli mezon hisoblanadi, chunki aynan statistika davlatlar o‘rtasidagi asl kuch nisbatini namoyon etadi. “Fakt va raqam” ruknida xalqaro munosabat, harbiy salohiyat va strategik resurslarga oid ma’lumot nufuzli manbalarga tayangan holda tahlil qilinadi. Mazkur ruknda shunchaki fakt sanab o‘tilmaydi, balki sonlar orqali dunyo tartibi, kuch markazlari va xavfsizlik chizmasi qanday shakllanayotgani ochib beriladi. Shu tariqa o‘quvchi raqam orqali geosiyosiy manzarani to‘liq anglaydi.
Yadro arsenali va global kuch muvozanati
Yadro quroli bugungi kunda insoniyat ixtiro qilgan eng xavfli va o‘ta ta’sirchan harbiy vosita bo‘lib, davlatlarga nafaqat harbiy, balki siyosiy bosim o‘tkazish imkonini ham beradi. 2025-yil holatiga ko‘ra, dunyoda mavjud 12 241 yadro zaryadining taxminan 9 600 dan ortig‘i harbiy zaxira, ya’ni jangovar holatga yaqin holda saqlanadi. Mutaxassislar qayd etishicha, bu raqam aniq emas, chunki yadro davlatlari o‘z arsenalini to‘liq ochiqlamaydi. SIPRI va FAS hisoboti xalqaro darajada nisbatan eng ishonchli manba sifatida qabul qilinadi. Shu bilan birga jami kallak soni kamaytirilayotgandek ko‘rinsa-da, amalda sifat jihatidan yangilanish va modernizatsiya jadal kechmoqda.
Hozir yer yuzida 9 davlat yadro quroliga ega: AQSH, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya. Xalqaro munosabatda “yadro klubi” sifatida tan olinadigan bu yurtlar qabul qiladigan qarorlar global xavfsizlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, ushbu tizimda mutlaq ustunlikka ega AQSH va Rossiya birgalikda jahon yadro arsenalining qariyb 88 foizini nazorat qiladi. Bu holat Sovuq urush davrida shakllangan ikki qutbli harbiy muvozanat hamon to‘liq yo‘qolmaganini anglatadi.
RF 4 300 dan ko‘p, AQSH esa 3 700 ga yaqin yadro zaryadiga ega ekani qayd etiladi. Keyingi o‘rinda joylashgan Xitoy arsenali so‘nggi yillarda tez o‘sib, 600 ga yaqinlashdi va bu o‘sish davom etyapti. Yevropa yadro davlatlari hisoblangan Fransiya (taxminan 290 ta) va Buyuk Britaniya (225 ta) nisbatan barqaror ko‘rsatkichni saqlab turibdi. Janubiy Osiyoda esa Hindiston (180 ta) va Pokiston (170 ta) o‘rtasidagi raqobat mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy xatar hisoblanadi.
Isroil rasman yadro quroliga egaligini tan olmagan bo‘lsa-da, xalqaro tahlilga ko‘ra, ushbu mamlakat taxminan 90 ta yadro zaryadiga ega. Shimoliy Koreya esa eng yosh yadro davlati sifatida taxminan 40-50 dona kallakka ega, deya taxmin qilinadi.KXDR dasturi xalqaro xavfsizlik uchun eng jiddiy tahdid sifatida ko‘riladi. Xullas, yadro quroliga ega davlatlar sanoqli esa-da, bu boradagi mavjud ta’sir butun dunyo miqyosida sezilarli.
Bu raqamlardan kelib chiqib aytish mumkinki, yadro quroli hozirgi kunda global siyosatning asosiy “tayanch nuqtasi”ga aylangan va davlatlar o‘rtasidagi kuch muvozanatini belgilab bermoqda. Shu bilan birga, yadro arsenalining salmoqli qismi hamon ikki davlat ixtiyorida jamlangani dunyo xavfsizligi yuqori darajadagi bosim ostidaligini ko‘rsatadi. Achinarlisi, mazkur qurol turi ishlatilmasdan turib ham siyosiy ta’sir vositasiga aylangan.
Yadro quroli tarqalishi va yangi da’vogarlar

Yadro quroli tarqalishi tarixi XX asr o‘rtalaridan boshlanib, ayni dam global xavfsizlik bilan bog‘liq eng murakkab masalalarian biriga aylangan. 1945-yil AQSH birinchi bo‘lib yadro qurolini ishlab chiqqan, keyinchalik Sovuq urush davrida sobiq ittifoq, Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy ushbu texnologiyani o‘zlashtirdi va shu tariqa “rasmiy yadro davlatlari” shakllandi. 1968-yil qabul qilingan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) aynan shu besh davlatni tan olgan va boshqa davlatlarga bunday qurol yaratishni cheklagan. Baribir keyinchalik Hindiston, Pokiston va Isroil ushbu bitimga rioya qilmasdan yadro salohiyatini shakllantirdi, Shimoliy Koreya esa shartnomadan chiqib, o‘z dasturini amalga oshirdi.
So‘nggi yillarda yadro quroliga egalik masalasi yanada dolzarb tus olmoqda, chunki ayrim davlatlar texnik jihatdan shu aslahaga yaqinlashmoqda. Masalan, rasman yadro quroliga ega bo‘lmagan Eronninguranni boyitish dasturi xalqaro hamjamiyat tomonidan doimiy nazorat ostida va ayrim tahlilchilar mamlakat “yadro ostonasida” turganini ta’kidlaydi. Janubiy Koreya va Yaponiya kabi texnologiya jihatidan rivojlangan davlatlar ham nazariy jihatdan qisqa vaqtda qurol yaratish imkoniga ega, ammo siyosiy va xalqaro majburiyat sabab bu yo‘lni tanlamagan. Ayni holat yadro quroliga egalik faqat texnologiya emas, balki siyosiy qaror va geosiyosiy muhit bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari yadro quroli tarqalishini cheklashga qaratilgan xalqaro tizimga qaramasdan, amalda davlatlar o‘z xavfsizligini mustaqil ta’minlashga harakat qilmoqda. Ayniqsa, mintaqaviy nizo kuchaygan hududlarda yadro quroliga ega bo‘lish istagi ortmoqda. Bu esa global xavfsizlik tizimi uchun jiddiy sinovdir. Mutaxassislar qayd etishicha, agar shu tendensiya davom etsa, kelajakda yadro davlatlari soni ortishi ehtimoli mavjud. Shu sababli yadro qurolini tarqatmaslik siyosati XXI asrda ham xalqaro munosabatning asosiy masalasi bo‘lib qolmoqda.

Yana bir muhim jihat shundaki, yadro quroliga ega bo‘lmagan, ammo joylashtirgan davlatlar ham mavjud. Masalan, NATO doirasida hududida AQSH yadro quroli joylashtirilgani Germaniya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya va Turkiyani bilvosita yadro strategiyasi ishtirokchisiga aylantirgan. Bunday amaliyot “yadroviy bo‘lishish” (“nuclear sharing”) siyosati deb ataladi va geosiyosiy muvozanatni saqlash vositasi sifatida ko‘riladi. Demak, yadro quroli faqat egalik bilan emas, balki qurolni joylashtirish va boshqarish tizimi orqali ham global ta’sir ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan yadro quroli tarqalishi tarixi faqat harbiy texnologiya emas, balki xalqaro huquq, siyosiy qarorlar va mintaqaviy xavfsizlik bilan uzviy bog‘liq jarayon ekanini ko‘rish mumkin. Bugungi kunda dunyodagi yadro muvozanati murakkab va ko‘p qirrali tizimga aylangan bo‘lib, nafaqat mavjud davlatlar, balki ehtimoliy da’vogarlar orqali ham shakllanmoqda. Bu esa kelgusi yillarda yadro masalasi yanada keskinlashishi mumkinligini anglatadi.
Yangi yadro poygasi va kelajak ssenariylari
So‘nggi yillarda xalqaro tahlil yadro quroli soni kamaysada, sifat jihatidan takomillashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa yangi “yashirin qurollanish poygasi” boshlanganini anglatadi. Xususan, AQSH va Rossiya mavjud yadro tizimini modernizatsiya qilish, yangi avlod raketalari va giper tovushli qurollar ishlab chiqishga ulkan sarmoya yo‘naltirmoqda. Xitoy esa o‘z yadro arsenalini sezilarli darajada kengaytirib, kelgusi o‘n yillikda zaxirani bir necha barobar oshirishi mumkinligi haqida faraz mavjud. Bu jarayon yadro quroli soni emas, balki samaradorligi va tezkorligi orqali raqobat kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda eng jiddiy xavflardan biri yadro quroli qo‘llanishi ehtimoli emas, balki nazorat va boshqaruv tizimidagi xavf hisoblanadi. Mutaxassislar sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan harbiy tizim rivojlanayotgan sharoitda noto‘g‘ri signal yoki texnik xatolik yirik mojaroga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga kiber xavfsizlik muammosi ham yadro infratuzilmasi uchun yangi tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Demak, zamonaviy davrda yadro xavfi faqat qurolning o‘zi emas, balki tizimni boshqarish bilan ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Yana bir muhim tendensiya – mintaqaviy raqobat kuchayishi orqali yadro omili yanada dolzarblashayotgani. Janubiy Osiyoda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi muvozanat, Sharqiy Osiyoda Shimoliy Koreya dasturi, Yaqin Sharqda esa Eron atrofidagi bahs global xavfsizlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu hududlarda har qanday keskinlik yadroviy omil orqali tezda xalqaro inqirozga aylanishi mumkin. Shu bois, yadro quroliga ega davlatlar soni o‘zgarmasa ham, raqobaning geosiyosiy ahamiyati ortmoqda.
Shu bilan birga xalqaro tizimda yadro qurolini cheklashga qaratilgan kelishuv samaradorligi pasayib borayotgani ham kuzatilyapti. Ayrim muhim shartnomalar amaldan chiqqani yoki zaiflashgani sababli davlatlar o‘rtasida ishonch susaymoqda. Bu har bir davlatni o‘z xavfsizligini mustaqil ravishda kuchaytirishga undaydi va natijada qurollanish poygasi yanada tezlashadi. Demak, xalqaro huquq mexanizmi yadro xavfini cheklashda avvalgidek kuchli o‘rin tutmayapti.
Xulosa qilib aytganda, yadro quroli XXI asrda ham global siyosatning eng muhim va xavfli elementi bo‘lib qolmoqda. Zero, davlatlar o‘rtasidagi kuch muvozanati va xalqaro munosabat bevosita shunga bog‘liq. Bugungi vaziyatda yadro zaxirasi kamayib borayotgandek ko‘rinsa-da, amalda qurolning ahamiyati, texnologiyasi va qo‘llanish xavfi yanada kuchaymoqda. Shu nuqtai nazardan insoniyat oldidagi asosiy vazifa – yadro qurolini to‘liq yo‘q qilish emas, balki majud xavfni boshqarish va nazorat qilish mexanizmini takomillashtirishdan iborat. Demak, global xavfsizlik kelajagi aynan qanday qarorlar qabul qilinishiga bog‘liq.
Musulmon Ziyo, O‘zA