E’tibor va rag‘bat – yuksak marralar sari chorlaydi
Xushxabarning qanoti bor, deyishadi. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, Zarafshon shahridagi “Alpomish” sport majmuasining sambo bo‘yicha katta murabbiysi Taxmazov Chingiz Karam o‘g‘li “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani haqidagi quvonchli xabar butun zarafshonliklarni to‘lqinlantirib yubordi.
Ch.Taxmazov sambo bo‘yicha nafaqat tajribali murabbiy, sambo bo‘yicha sport ustasi va xalqaro hakam, balki taniqli sportchi sifatida nufuzli musobaqalar g‘olibligini qo‘lga kiritgan.
Uning ko‘p yillik samarali mehnati o‘zining munosib rag‘batini topgan. Jumladan, 2007 yilda respublikada “Yilning eng yaxshi murabbiyi”ligini qo‘lga kiritgan. Sohada erishgan yutuqlari uchun “Yoshlarni fidoyilik ruhida tarbiyalashda ko‘rsatgan xizmatlari uchun”, “Sport a’lochisi” va “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Darhaqiqat, Ch.Taxmazov mazkur sport majmuasida murabbiy sifatida 2001 yildan ishlab kelmoqda. Mana shu davrda yuzlab chempionlarni tarbiyalab, mamlakatimiz sport sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga erishdi. Uning shogirdlari jahon, Osiyo, respublika musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
– Prezidentimizning 2021 yil 29 sentyabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra Vatanimizning yuksak davlat mukofotiga loyiq topildim. Bu, hech shubhasiz, kombinat tizimida sport yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan soha vakillari mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Bundan buyon ham ushbu sharafli vazifani ado etishda faol ishtirok etish, yosh avlodni jismoniy barkamol etib tarbiyalash, yutuqlar bilan yurt taraqqiyoti va Vatanimiz kelajagiga sadoqat bilan xizmat qilish biz, sport murabbiylari uchun yuksak sharafdir. O‘zbek sportining rivojiga munosib hissa qo‘shish, men kabi murabbiylarning maqsadi va orzusidir, – deydi Ch.Taxmazov.
bugungi kunda fidoiy murabbiy ko‘magida ko‘plab shogirdlari mashg‘ulotlarni o‘tamoqda. O‘z orzulari ro‘yobini ana shu qorako‘z shogirdlari kelajagida ko‘rgan Chingiz aka ayni damda o‘z oldiga yuksak rejalarni qo‘ygan. Maqsad aniq: yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish, faqat g‘alaba qozonish.
–Ustozimning davlat mukofotini olganini eshitib ko‘zlarim yoshlandi. Chunki bu xokisor insonning biz kabi shogirdlarini chempion darajasiga olib chiqishida ko‘p mehnati singgan. Vaqti kelganda qattiqqo‘llik va sabot bilan sportning nozik sir-asrorlarini o‘rgatib, bizni g‘oliblar qatoridan joy olishimizda otamdek quvongan.
Qo‘limni ko‘ksimga, yuragimning ustiga qo‘yib, jonajon madhiyamizni g‘urur va iftixor bilan kuylaganimda doimo shu inson yonimda turgan. Ba’zida bosim ostida o‘z ustimda ishlashga to‘g‘ri kelgan. Shunday vaziyatlarda ustozimni mehri menga dalda bergan, – deydi sambo bo‘yicha taniqli sportchi Sabina Davlatova ustozi haqida iliq fikrlarini bildirib.
Haqiqatdan ham, murabbiy sportchi uchun ham ota-ona, ham shifokor, ham psixolog bo‘ladi. Shogirdlari ardog‘ida bo‘lgan Chingiz Taxmazov ana shunday fazilatlar bilan bezangan inson. O‘zining sabr toqati, jasorati ortidan rag‘batlangan sport murabbiyi bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Sportimiz jonkuyarini ushbu yuksak davlat mukofot bilan chin dildan qutlaymiz.
Dildora KARIMOVA,
Markaziy kon boshqarmasi axborot
xizmati muharriri, O‘zA