E’tibor va ishonch ijodga qanot beradi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz san’at va madaniyat ahli bilan o‘tkazgan uchrashuvida ishtirok etdim.
Ochig‘ini aytsam, bu shunchaki navbatdagi yig‘ilish yoki rasmiy muloqot emas edi. Bu davlat rahbarining ijodkor insonga, uning dardiga, tashvishiga, orzu va maqsadlariga bo‘lgan munosabatini yana bir bor yaqqol namoyon etgan samimiy uchrashuv bo‘ldi.
Biz ko‘pincha katta natijalarni ko‘ramiz, ammo ularning ortida qanday mehnat turganini har doim ham his qilavermaymiz. Bugun Prezidentimizga qarab o‘tirib, bir fikr xayolimdan o‘tdi: davlat boshqarish, mamlakat taraqqiyoti uchun kechayu kunduz mehnat qilish, tashqi va ichki siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, ijtimoiy sohalar bilan bir vaqtning o‘zida shug‘ullanishning o‘zi qanchalik mashaqqatli vazifa.
Ochig‘ini aytsam, uchrashuv jarayoni meni beixtiyor har kungi ijod, ish va turmush tashvishlarini bir lahza chetga surib, atrofimizda kechayotgan o‘zgarishlarga yana bir bor qalban va idrokan nazar tashlashga undadi.
Rostdan ham, bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘raylik…
Qiyofasi kun sayin yangilanayotgan shahar va qishloqlarimizga… Insonlarning tobora farovonlashib borayotgan turmush tarziga… Son-sanoqsiz mehmonxonalar, zamonaviy maskanlar, yurtimizga qiziqib kelayotgan xorijlik sayyohlarga… Sportdan tortib ilm-fan, madaniyat va iqtisodiyotgacha bo‘lgan sohalardagi yutuqlarimizga… Chet el matbuoti, siyosatchilari va xalqaro ekspertlarning O‘zbekiston haqida bildirgan ijobiy fikrlariga…Yurtimizga kelib, bu yerdagi o‘zgarishlardan hayratini yashira olmayotgan sayyyohlardan tortib davlat rahbarlarigacha …
Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Lekin bir haqiqatni ham tan olish kerak: bu yutuqlarning zamirida yurti va xalqi taqdiri uchun tinimsiz mehnat qilayotgan, o‘z halovatidan kechayotgan BIR INSONning ulkan irodasi va mas’uliyati turganini anglayapmizmi?
Bilasizmi, ijod va mehnat faoliyatim davomida bir haqiqatni anglaganman: xoh adabiyot bo‘lsin, xoh kino, xoh boshqa soha — buyuk asarlar va buyuk shaxslar, ko‘p jihatdan, davlatning birinchi rahbari dunyoqarashi va ruhiyati bilan bog‘liq bo‘ladi.
Bu haqiqatni “Abdulla Oripov” filmini ishlash jarayonida yanada chuqurroq angladim. Nega aynan 1960-yillarda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev kabi ulkan ijodkorlar bir davrning o‘zida yetishib chiqdi? Nega aynan o‘sha yillarda “O‘zbekiston — Vatanim manim” kabi xalq ruhini uyg‘otgan asarlar yaratildi?
Menimcha, bunga sabab — Stalin repressiyalaridan keyin boshlangan ma’lum ma’nodagi erkin nafas, “Xrushchyov iliqligi” davri va, albatta, Sharof Rashidovning O‘zbekiston rahbari sifatida millat ma’naviyatiga bergan e’tibori bo‘lgan.
Bu jarayon nafaqat adabiyotda, balki kinoda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Rossiyada Andrey Tarkovskiy kinoga yangi nafas olib kirgan bo‘lsa, bizda Shuhrat Abbosov, Ali Hamroyev, Elyor Ishmuhammedov kabi buyuk kino ijodkorlari maydonga chiqdi.
Odamlarga gapirish, rahbarlarni tanqid qilish oson. Salbiy fikr tez ommalashadi. Ba’zan o‘zimiz ham yaxshi narsani ko‘rishdan ko‘ra, kamchilik izlashga moyilmiz.
Ammo haqiqat shuki — 365 kun, o‘n ikki oy davomida xalqining dardi, yurtining ertasi bilan yashab, uning farovonligi uchun tinimsiz mehnat qilish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi.
Bugungi tezkor zamonda ba’zan yoshi ulug‘ insonlar emas, hatto yoshlar ham tez charchab qolayotganini tan olishimiz kerak. Ammo Prezidentimiz faoliyatiga nazar tashlasak, biz unda charchoqni emas, aksincha, ulkan mas’uliyat va tinimsiz harakatni ko‘ramiz.
Bugungi uchrashuv ham ertalabdan boshlanib kechgacha davom etdi. Prezidentimiz so‘zlashni istagan deyarli har bir ijodkorni diqqat bilan tingladilar. Uchrashuvda nafaqat sohadagi yutuqlar haqida, balki yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar, og‘riqli masalalar haqida ham ochiq gapirildi. San’at va madaniyat xodimlari o‘z takliflarini aytdilar, ko‘mak so‘radilar, ba’zan tanqidiy fikrlarini ham bildirdilar.
Meni eng ta’sirlantirgan jihatlardan biri shu bo‘ldiki, Prezidentimiz har bir fikrni sabr bilan eshitdilar, har bir masalaga alohida munosabat bildirdilar.
Uchrashuv yana ancha davom etishi mumkin edi. Ammo Prezidentimiz o‘zlarining charchaganliklari uchun emas, balki yig‘ilishda qatnashgan yoshi ulug‘ san’at va madaniyat faxriylarini o‘ylab, ularning uzoq vaqt o‘tirib qolganliklari va xoriganliklarini inobatga olib muloqotni yakunladilar. Bu ham insonga bo‘lgan e’tiborning yana bir ko‘rinishi bo‘ldi.
Men ham uchrashuvda so‘zga chiqdim. Rostini aytsam, sahnada, kameralar qarshisida yillar davomida bemalol gapirib kelgan inson sifatida buni tan olishim kerak: Prezidentimiz qarshisida hayajonlanib ketdim. Hatto nima deganimni ham keyin yaxshi eslay olmadim.
Buyuk inson qarshisida har qanday odamni salobat bosadi.
Lekin Prezidentimiz hayajonimni his qildilar, shekilli. Mening gapimni bo‘lmadilar. Aksincha, milliy kino rivoji uchun davlat tomonidan yanada keng imkoniyatlar yaratilishini ta’kidladilar.
Yana bir jihat meni hayratga soldi. Prezidentimiz uchrashuvda qatnashgan ijodkorlarning aksariyatini ismlarigacha bilishlari, ularga ismlari bilan murojaat qilishlari davlat rahbarining sohaga qanchalik chuqur kirib borganini ko‘rsatdi.
So‘nggi o‘n yillikda aynan Prezidentimiz tashabbuslari va e’tiborlari tufayli o‘zbek kinosida katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Yangi filmlar yaratildi, xalqaro festivallarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaydi, milliy kinoning nufuzi oshib bordi.
Biroq hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham ko‘p.
Bugungi uchrashuvning ahamiyati shundaki, unda muammolarning faqat tashqi ko‘rinishi emas, balki ularning ildiz sabablari muhokama qilindi. Kino sohasida ijodiy erkinlikni ta’minlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, zamonaviy va shaffof tizim yaratish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Xususan, milliy filmlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida global kino platformalari bilan hamkorlik kuchaytirilishi, "O‘zbekfilm"ga milliy maqom berilishi, davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarda reklama va targ‘ibot xarajatlari uchun byudjetning 30 foizigacha mablag‘ ajratilishi, kinofilmlar ishlab chiquvchilari barcha soliqlardan ozod etilishi,milliy kengash va badiiy kengashlar tugatilishi haqidagi qarorlar kino sohasi vakillari tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Chunki yaxshi filmning taqdiri faqat uni suratga olish bilan hal bo‘lmaydi. Uni tomoshabinga yetkazish ham san’atning bir qismi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, kuchli targ‘ibot film muvaffaqiyatining kamida yarmini ta’minlaydi.
Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘ning bir qismi ijodiy jamoalarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi haqidagi qaror ham soha uchun muhim yangilik bo‘ldi.
Prezidentimiz uchrashuv avvalida juda muhim fikrni aytdilar: «Davlatni iqtisod ko‘taradi, qonun boshqaradi, armiya himoya qiladi. Lekin qaysi mamlakat adabiyot va madaniyatga e’tibor bersa, kelajagi mustahkam bo‘ladi».
Bu so‘zlar har bir ijodkor uchun nafaqat e’tirof, balki katta mas’uliyat hamdir.
Bugungi uchrashuvdan keyin bir narsaga yana bir bor ishonch hosil qildim: mamlakatimizda san’at va madaniyat sohasiga qaratilayotgan e’tibor tasodifiy emas. Bu uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan davlat siyosati.
Bugungi muloqotdan so‘ng kino, teatr, musiqa va umuman madaniyat sohasida yangi davr boshlanishiga, o‘zbek milliy san’ati va kinosi yanada yuksak cho‘qqilarni zabt etishiga ishonchim yanada mustahkamlandi.
Biz, ijodkorlar, bu ishonchga munosib bo‘lishimiz, xalqimiz va Vatanimiz uchun xizmat qiladigan, milliy g‘ururimizni yuksaltiruvchi asarlar yaratishimiz kerak.
Men yuqorida yozganimdek, har qanday buyuk asar, har qanday ijodiy yuksalish ortida davlat rahbarining ma’naviyat va madaniyatga bo‘lgan munosabati turadi. Tarix ham bu haqiqatni ko‘p marta isbotlagan.
Zero, davlat tomonidan berilgan e’tibor va ishonch ijodga qanot beradi.
Rahmat sizga, mening Prezidentim!
Bundan uch yil ollin yozgan fikrimni takrorlayman. “Mubolag‘asiz g‘urur tuydim”
Muzaffar Erkinov, kinorejissyor