Erondagi maktabga raketali hujum: dastlabki tekshiruv AQSHni ko‘rsatmoqda (+video)
AQSH tomonidan Erondagi maktabga berilgan raketa zarbasi bo‘yicha yangi ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda, deb xabar berdi Evronews.
Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, bu fojeali hodisa eski razvedka ma’lumotlari sabab yuz bergan bo‘lishi mumkin. Amerikalik amaldor va tekshiruv natijalari bilan tanish bo‘lgan yana bir manbaning ta’kidlashicha, AQSH harbiylari nishon koordinatalarini eski ma’lumotlar asosida belgilagani oqibatida raketa fuqarolik ob’ektiga tushgani aytiladi.
Bu haqda dastlab The New York Times nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, AQSH harbiylari maktab yaqinida joylashgan harbiy bazani nishonga olgan. Ilgari maktab binosi shu harbiy kompleksning bir qismi bo‘lgan, biroq keyinchalik u alohida fuqarolik ob’ektiga aylangan. Nishon koordinatalari eski ma’lumotlarga tayanib belgilangani sababli raketa maktab hududiga tushgan bo‘lishi mumkin.
Fojeali hodisa 28-fevral kuni, AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan hujumlarining dastlabki kunlarida sodir bo‘ldi. Eron janubidagi Minab shahrida joylashgan boshlang‘ich maktabga raketa zarbasi berildi. Oqibatda 165 kishi halok bo‘ldi, ularning katta qismi bolalar ekani aytiladi. Bu hodisa urush davomidagi eng og‘ir va bahsli voqealardan biriga aylandi. Agar tekshiruv yakunida hujum uchun AQSH javobgar ekani tasdiqlansa, bu so‘nggi yigirma yil ichida AQSH harbiy operatsiyalari natijasida yuz bergan fuqarolik qurbonlarining eng kattasi bo‘lishi mumkin.
AQSH prezidenti Donald Tramp dastlab bu hodisa uchun Eronning o‘zi javobgar bo‘lishi mumkinligini aytdi. Biroq mutaxassislar Eronda “Tomagavk” turidagi raketalar mavjud emasligini ta’kidlashdi. Keyinchalik AQSH prezidenti tekshiruv natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi. Ammo jurnalistlar unga The New York Times nashrida e’lon qilingan xabarni eslatganida, u shunchaki, bu haqda ma’lumotga ega emasligini aytdi.
Ayni paytda turli manbalar va texnik ma’lumotlar hujum ortida AQSH bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, mustaqil ekspertlar tahlillari va AQSH harbiylari tomonidan ochiq manbalarda e’lon qilingan ma’lumotlar shunday xulosaga ishora qilmoqda. Dushanba kuni tarqalgan videolarda, mutaxassislarning fikricha, AQSHning “Tomagavk” qanotli raketaci harbiy kompleks tomon uchib borib urilishi aks etgan. Shu paytda maktab joylashgan hududdan ham tutun ko‘tarilayotgani ko‘ringan.
Ochiq sun’iy yo‘ldosh tasvirlari maktab binosi taxminan 2017-yilgacha harbiy kompleksning bir qismi bo‘lganini ko‘rsatadi. Keyinchalik yangi devor qurilib, maktab hududi harbiy baza hududidan ajratilgan. Shu bilan birga, hududdagi qorovul minorasi ham olib tashlangan. Maktab onlayn xaritalarda aniq ko‘rsatilgan bo‘lib, uning o‘quvchilari, o‘qituvchilari va ma’muriyati haqida ma’lumotlar joylashtirilgan veb-sayti ham ochiq tarzda ishlab turgan.
Xalqaro urush qoidalariga ko‘ra, harbiy tizimga tegishli bo‘lmagan binolar va fuqarolarga zarba berish taqiqlanadi. Odatda fuqarolik uylari, maktablar, tibbiy muassasalar va madaniy ob’ektlar harbiy hujumlardan himoya qilingan hisoblanadi. Vashingtondagi tahlil markazining katta huquqshunosi Eliz Beykerning ta’kidlashicha, maktabning harbiy ob’ektga yaqin joylashgani uning fuqarolik maqomini o‘zgartirmaydi va u baribir himoya qilinishi kerak bo‘lgan ob’ekt hisoblanadi.
Bu voqea AQSHdagi siyosiy doiralarda ham jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda. AQSH senatori Tim Keyn jurnalistlar bilan suhbatda shunday dedi: agar bu hujum uchun AQSH javobgar deb topilsa, demak ikki holatdan biri yuz bergan bo‘ladi, birinchisi AQSH nishon tanlash bo‘yicha an’anaviy qoidalarni o‘zgartirgan bo‘ladi yoki jiddiy xato qilingan bo‘lib chiqadi. Uning fikricha, agar fuqarolarni himoya qilish darajasi o‘zgartirilgan bo‘lsa, bu katta fojea hisoblanadi. Ayni paytda AQSH rasmiylari yakuniy xulosa e’lon qilinmaganini va tekshiruv hali davom etayotganini bildirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TK61KD0DaIA" title="Erondagi maktabga raketali hujum: dastlabki tekshiruv AQShni ko`rsatmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA