Eron terma jamoasi yulduzi FIFAni tanqid qildi: Ikki oydan beri tinimsiz muammolarga duch kelyapmiz
Futbolchining ta’kidlashicha, terma jamoa murakkab siyosiy vaziyatda va ularga nisbatan xayrihoh bo‘lmagan mezbon mamlakat — AQShda musobaqani o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Eron Milliy terma jamoasi hujumchisi Mehdi Taremi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbariyatini jamoaga nisbatan yetarlicha ko‘mak bermayotganlikda aybladi.
Futbolchining ta’kidlashicha, terma jamoa murakkab siyosiy vaziyatda va ularga nisbatan xayrihoh bo‘lmagan mezbon mamlakat — AQShda musobaqani o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Taremining fikricha, FIFA prezidenti Janni Infantinoning jamoa kiyinish xonasiga tashrif buyurgani yaxshi, ammo bu mavjud muammolarni hal etish uchun yetarli emas.
"Bizda hech qanday qo‘llab-quvvatlash yo‘q va menimcha, FIFA bizga hozirgidan ko‘ra ko‘proq yordam berishi lozim. Vaziyat juda yomon, chunki oxirgi ikki oy davomida ko‘plab muammolar qurshovida qoldik. Bu juda salbiy holat va u jamoamizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti", — dedi Taremi.
Eslatib o‘tamiz, Eron Milliy terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichining ilk turida Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynagan edi.