Eron neft eksportiga cheklov bekor qilindi
Eronga nisbatan neft eksporti bo‘yicha joriy qilingan sanksiya bekor bo‘lgach, mamlakat nefti 20 foiz qo‘shimcha narxda sotila boshladi. Parlament raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibof 12 milliard dollarlik muzlatilgan mablag‘ qaytarib olingani, bu pul Eron tomonidan istalgan maqsadda sarflanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Mulozim ta’kidlashicha, neft savdosidagi cheklov bekor qilingach, mamlakat xom ashyosi bozorga 20 foiz qimmat narxda chiqarilmoqda. U AQSHni kelishuvni buzmaslikka chaqirib, agar Eronni neft sotish imkoniyatidan mahrum qilishga urinish kuzatilsa, hech bir davlat neft savdosidan foyda ko‘ra olmasligini ta’kidladi.
G‘olibof aholiga iqtisodiy bosimni kamaytirish zarurligini ham qayd etdi. Shuningdek, Prezident Donald Trampning “muzlatilgan mablag‘ faqat amerikalik fermerlardan mahsulot xarid qilish uchun ishlatilishi kerak” mazmunidagi bayonotini tanqid qildi. Spikerning so‘zlariga ko‘ra, erishilgan memorandumga muvofiq, xorijdagi 24 milliard dollarning 12 milliardi Eron Markaziy bankiga o‘tkazilishi shart. Bu Islom Respublikasi istalgan mamlakatdan o‘zi xohlagan narx va valyutada tovar sotib olish imkoniga egaligini anglatadi va ushbu jarayon allaqachon boshlangan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA