Eron Isroilga javob zarbalarini yo‘lladi
Eron Isroil davlati Harbiy havo kuchlari (HHK)ga qarashli 2 ta bazaga qarata zarba bergan. Bu haqda Islom Respublikasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general-leytenant Muhammad Bageriy bayonot berdi.
- Mamlakat QK tarkibidagi eng obro‘li bo‘linma hisoblangan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) mazkur raketa hujumi chog‘ida Isroil HHKning ikki inshooti hamda "Mossad" razvedka xizmati qarorgohini aniq nishonga oldi, - degan yuqori martabali mulozim. - Bizda Isroilning iqtisodiy infratuzilmasiga hujum uyushtirish imkoni ham bor edi, lekin hozir faqat harbiy qo‘nalg‘alarni mo‘ljalladik. Bugun kechasi, shuningdek, Navatim i Xatsrim aviabazalari, strategik radarlar va Isroil zirhli texnikalari saqlanadigan markazlarga ham hujum qildik.
Bageriyning bu so‘zlarini Erondagi "Tasnim" davlat axborot agentligi keltirgan.
Avvalroq EIR tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy mamlakatining Isroilga qarshi aksiyasi yakunlanganini e’lon qilib, Tel-Aviv yangi ig‘vogarona harakatlar amalga oshirsa, javob yanada keskin bo‘lishini ta’kidlagandi.
Isroillik harbiylar ham seshanba kuni kechqurun Eron tomonidan raketalar uchirilganini tasdiqladi. Yahudiy davlati Bosh vaziri idorasi maslahatchisi Dmitriy Gendelman bildirishicha, mamlakatga yo‘naltirilgan taxminan 180 snaryadning aksariyati urib tushirilgan. Shuningdek u Isroilga ziyon yetkazadigan har qanday kuchga nisbatan javob qaytarilishini uqtirgan.
Ayni payt Eronning "Fars" agentligi havoga ko‘tarilgan raketalarning kamida 80 foizi nishonga urilganini ta’kidlab yozgan.
IIQK mazkur hujum Hizbulloh yetakchisi Hasan Nasrulloh, XAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xaniya va "Quds" qo‘mondonlik kuchlari boshlig‘i Abbos Nilforushanning o‘ldirilishiga javob ekanini aytdi. Bayonotda yahudiy davlati hududidagi eng muhim harbiy ob’ektlar va nishonlarga qarata ballistik raketalar yo‘naltirilgani alohida ko‘rsatilgan.
Eron OAV hujum natijasida Isroilning Navatim bazasidagi F-35 rusumli 20 ta samolyot, shuningdek Tel-Aviv yaqinida joylashgan 3 ta baza yo‘q qilingani haqida yozgan. Bundan tashqari, axborot agentliklari qayd etishicha, IIQK Isroilga qarshi hujumda ilk bor giper tovushli raketalardan foydalangan.
O‘z navbatida, SAXAL bayonot berib, Eron avia zarbalaridan ko‘rilgan zarar sezilmas darajada ekani va mamlakat HHK jangovarligiga salbiy ta’sir ko‘rsata olmasligini bildirdi.
Ushbu voqealar asnosida Prezident Jo Bayden amerikalik harbiylarga yahudiy davlatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Keyinroq Pentagon rasmiy vakili Patrik Rayder AQSH Harbiy dengiz kuchlarining "USS Bulkeley" va "USS Cole" esminetslari Eronning Isroilga uchirgan raketalarini urib tushirishda ishtirok etganini aytdi.
Isroil HHK 27 sentyabr kuni Hizbullohning Bayrutdagi Dohiya tumanida, aholi yashaydigan xonadonlar ostida joylashgan bosh shtabiga qarata aniq avia zarbalar yo‘llagan edi. Hujum natijasida tashkilot bosh kotibi Hasan Nasrulloh, harakatning Janubiy fronti qo‘mondoni Ali Karkiy va IIQKning "Quds" kuchlari qo‘mondoni Abbos Nilforushan halok bo‘lgan.
XAMAS 31 iyulda tuzilma siyosiy byurosi rahbar Ismoil Xaniya SAXAL tomonidan uning Tehrondagi qarorgohiga qarata uyushtirilgan hujum qurboniga aylanganini ma’lum qilgan. Harakat ushbu hodisa uchun mas’uliyatni Tel-Aviv va Vashington zimmasiga yuklab, mazkur hujum javobsiz qolmasligini ta’kidlagan edi. Isroil vakillari Xaniyaning o‘limi yuzasidan hech qanday izoh bermagan, AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud esa amerikaliklar mazkur hujumlarga aloqador emasligini ta’kidlagan.