Eron AQSHga 14 banddan iborat tinchlik rejasini topshirdi (+video)
Eron hukumati Vashingtonga Eron–Isroil va keng mintaqadagi mojaroni yakunlash bo‘yicha o‘zining 14 bandlik tinchlik rejasini taqdim etdi. Tehron hozir AQSH tomonidan rasmiy javobni kutmoqda, deb xabar berdi DW nashri.
Eronning Fars va Tasnim agentliklari ma’lumotiga ko‘ra, bu hujjat AQSHning oldin taklif qilgan 9 bandlik rejasiga javob sifatida tayyorlangan. AQSH taklifida ikki oylik o‘t ochishni to‘xtatish nazarda tutilgan bo‘lsa, Eron barcha masalalarni bir oy ichida hal qilishni va asosiy e’tiborni urushni tugatishga qaratishni taklif qilgan.
Eron rejasida AQSHdan hujum qilmaslik kafolati, chegara hududlaridan amerika qo‘shinlarini to‘liq olib chiqish, harbiy dengiz blokadalarini bekor qilish, muzlatilgan Eron aktivlarini qaytarish kabi talablar ilgari surilgan.
Shuningdek, Tehron yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lash, sanksiyalarni bekor qilish, mintaqadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda Hurmuz bo‘g‘ozining yangi ishlash mexanizmini joriy etishni talab qilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning taklifini hozircha ko‘rib chiqishini aytgan, ammo ma’qul bo‘lmasligi mumkinligini ham ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron “so‘nggi 47 yil davomidagi harakatlari uchun yetarli haq to‘lamagan”.
Tramp ma’muriyatiga ko‘ra, Eron bilan mojaro rasman yakunlangan deb hisoblansa-da, mintaqadagi vaziyat hali ham keskinligicha qolmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozi Eron tomonidan nazorat qilinmoqda, AQSH esa Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini davom ettirmoqda.
Eron va AQSH o‘rtasidagi mojaro hali to‘liq tugamagan bo‘lib, tomonlar tinchlik shartlari bo‘yicha keskin qarama-qarshi pozitsiyada qolmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/whkaeosrGVU" title="Eron AQShga 14 banddan iborat tinchlik rejasini topshirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA