Erkinligi cheklangan shaxslarning sharoiti qanday?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyatdagi bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Unda jamoatchilik guruhlari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari qatnashdi.
Guruh a’zolari dastlab Qorovulbozor tumanidagi 17-son jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

– Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ombudsman qiynoqlarning oldini olish maqsadida jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi, mintaqaviy vakil Abira Huseynova. –Monitoring tashrifida mahkumlarning saqlash sharoitlari, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ularga nisbatan munosabat va muomala holatlari o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 2 mingga yaqin mahkumning mingdan ortig‘i ishga yaroqli. Ularning 85 foizi Jinoyat-ijroiya kodeksiga ko‘ra, ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilingan. Koloniyaning ishlab chiqarish ob’ektlarida mebel ishlab chiqarish, yog‘ochga va temirga ishlov berish, g‘isht ishlab chiqarish, tosh kesish, mozaika ishlab chiqarish va tikuv sexlari ishlab turibdi. Mahkumlar bilan suhbat davomida ular ishlash va o‘z vaqtida dam olish uchun sharoitlar borligi, ish haqlari hisob raqamlariga o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini bildirdi.

Jamoatchilik guruhi a’zolari nogironligi bo‘lgan mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi. 2022 yilda ombudsman tomonidan mas’ul idoralar bilan hamkorlikda qiynoqlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan natijadorlikka erishish, shuningdek, nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga (mahbuslarga) yaratilgan shart-sharoitlarni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Mazkur hujjatning ijrosi bo‘yicha koloniyaga kirish joyiga tegishli standartga muvofiq panduslar o‘rnatilgan, kutubxonalar Brayl alifbosidagi kitoblar bilan boyitilgan, yuvinish xonalarida ham maxsus sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, koloniyada 32 nafar nogironligi bor mahkum jazo muddatini o‘tamoqda. Ularning 1 nafari mustaqil harakatlana olmaydi. Shuning uchun unga alohida mahkum biriktirilgan va ushbu biriktirilgan mahkumga oylik maoshi to‘lash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu amaliyot ombudsman tashabbusi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan joriy etilgan.
Monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. 20 nafarga yaqin mahkumning murojaatlari qabul qilindi.

Jamoatchilik guruhi a’zolari 1-son jazoni ijro etish koloniyasiga ham monitoring tashrifini amalga oshirishdi. 1,5 ming nafardan ortiq mahkumga mo‘ljallangan ushbu koloniyada 900 nafarga yaqin shaxs jazo muddatini o‘tamoqda. Koloniyada 8 ta ishlab chiqarish sexi mavjud. Ishga yaroqli mahkumlarning 80 foizi ushbu sexlarda foydali mehnatga jalb etilgan.
Muassasada ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, mahkumlar uchun barcha sharoitga ega bo‘lgan zamonaviy jihozlangan uzoq muddatli uchrashuv maskani foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, ombudsman xodimlari va jamoatchilik guruhlari a’zolari 4-son tergov hibsxonasida yaratilgan sharoitlarni ham o‘rgandi.
Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularning o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri