Erdog‘an: Xalqaro tizim inqirozda, huquq o‘z kuchini yo‘qotdi
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Janubiy Kavkaz uchun tinch kelajak qurishga qaratilgan sa’y-harakatni olqishlab, xalqaro hamjamiyatni bu o‘zgarishlardan o‘rnak olishga chaqirdi.
Erdog‘an Istanbuldagi Dolma bog‘cha saroyida Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi ishtirokchilari oldida nutq so‘zladi.
Yetakchi Janubiy Kavkazdagi o‘zgarishlarga alohida to‘xtaldi:
– Janubiy Kavkazda osuda kelajak, tinchlik va farovonlik barpo etish yo‘lida tashlangan qadamlarni olqishlaymiz va bu butun dunyoga o‘rnak bo‘lishidan umidvormiz, – dedi Prezident Erdog‘an. – 80 yil avval Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan davlatlar tomonidan shakllantirilgan xalqaro tizim bugun jiddiy inqiroz yoqasida. Mazkur tizim asosini tashkil etuvchi qadriyat va tamoyillar mazmuni va ishonchini yo‘qotish arafasida turibdi. Xalqaro huquqqa oid majburiy qoidalar samarasini yo‘qotgan, dunyo bo‘ylab har kuni yangi harbiy harakat, insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilayotganidan afsusdamiz. Aql-idrokdan voz kechilgan, muloqot mexanizmi falajlangan, diplomatiya va muzokara qurolga almashtirilgan bir vaziyatda hech kim o‘zini xavfsiz hisoblay olmaydi. Mintaqa davlatlari asosiy ishtirokchi sifatida maydonga chiqmagan hech bir tashabbus tinchlik va xavfsizlikka erishish maqsad talablariga javob bera olmasligi mutlaqo aniq.
G.Sattorova, O‘zA