Er kishi mard va jasur bo‘lsin...
Sharof Rashidov tumanidagi “N” harbiy qismda “Jasorat maktabi” yig‘inlarida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bo‘yicha “Jizzax tajribasi” ni respublikamizning boshqa hududlarida ham keng tatbiq etish maqsadida o‘tkazilgan amaliy seminar nihoyasiga yetdi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida belgilab berilgan bir qator vazifalar ijrosi doirasida “Jasorat maktabi” harbiy vatanparvarlik yig‘inlarini o‘tkazish bo‘yicha “Jizzax tajribasi” ni butun respublikaga tatbiq etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi.


Mudofaa ishlari vazirligi Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizoni hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda yoshlarning harbiy vatanparvarlik tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Mazkur tadbir bir vaqtning o‘zida bir nechta o‘quv nuqtalarida tashkil etilgani ham alohida tahsinga loyiq.
Amaliy seminarda mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari yoshlar bilan samarali ishlash bo‘yicha o‘zlari faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning tajribalari bilan o‘rtoqlashib, o‘zaro fikr almashildi.


Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi mas’ullari tomonidan profilaktik hisobda turgan, uyushmagan hamda tarbiyasi og‘ir yoshlarga oid ma’lumotlarni shakllantirish, ularni harbiy vatanparvarlik yig‘inlariga saralab olish ishlarini tashkil etish bo‘yicha yuqori saviyada o‘tkazgan taqdimot marosimini ishtirokchilar alohida e’tirof etdi.
Yoshlarimiz tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etuvchi “Jasorat maktabi” harbiy vatanparvarlik yig‘inlarining Jizzax viloyati tajribasini tatbiq etishga qaratilgan amaliy seminar shu bilan yakuniga yetdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA