Epchillik, shijoat va salohiyat sinovi
FOTOREPORTAJ
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Jizzax viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada viloyatning chegara oldi hududlarida joylashgan umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan iborat 4 ta jamoa g‘oliblik uchun bellashdi.
Dastlab ishtirokchilar saf maydonida shaxdam qadamlar bilan o‘tish va saf qo‘shiqlari ijrosi bo‘yicha mahoratini namoyish etdi. “Bilimlar sinovi” shartida yosh chegarachilarning intellektual salohiyati baholandi. Shundan so‘ng, AKM avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi. Avtomat va pistoletdan o‘q otish shartlarida esa ishtirokchilar merganlik mahoratini ko‘rsatdilar.
Musobaqa davomida turnikda tortilish, granata uloqtirish, tibbiy yordam ko‘rsatish, o‘q-dorilarni belgilangan manzilga yetkazish, to‘siqlar va zaharlangan hududdan o‘tish kabi qator shartlar bo‘yicha bahslar ham qiziqarli va murosasiz tus oldi.
[gallery-23093]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mirzacho‘l tumanidagi 8-sonli umumta’lim maktabining “Vatanparvar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Yangiobod tumani sharafini himoya qilgan 11-sonli umumta’lim maktabining “Shunqorlar” jamoasiga nasib etdi. 3-o‘rin esa Zomin tumani 60-sonli maktabning “Lochin” jamoasiga berildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA