Eng yaxshilar aniqlandi
Andijonda “O‘zavtotexxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar ishchi va xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Yil ustasi – 2015” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston dunyodagi avtomobil ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoridan joy oldi. Bugungi kunda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtomobillarga sifatli texnik xizmat ko‘rsatish tizimi to‘la shakllandi. Xususan, tizimdagi ishlar samaradorligini, xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini yuksaltirish, soha xodimlarining kasb mahoratini oshirishda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Yil ustasi” ko‘rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Avtomobillarni ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning kasb mahoratini oshirish hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda “Andijonavtotexxizmat” yopiq aksiyadorlik jamiyati shoxobchalarida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
“Andijonavtotexxizmat” yopiq aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi va shoxobchalarida texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning malaka va tajribasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda Jumladan, belgilangan reja asosida mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ularning nazariy bilimi oshirilmoqda. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yosh ustalar tajribali mutaxassislarga biriktirilgan.
Tanlov ishtirokchilari mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, elektr qismlari hamda dvigatelni ko‘rikdan o‘tkazish, nosoz qismlarni ta’mirlash bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Avtomobillardagi texnik nosozliklarni belgilangan talablar asosida aniqlab, tez va sifatli bartaraf etgan ustalar Baxtiyor Xo‘jayev, Xurshid Madumarov, Baxtiyor Barotov g‘olib deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.