Eng yaxshi pedagoglar aniqlandi
“Turkiston” saroyida “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Turkiston” saroyida “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bilimli, mustaqil fikrlaydigan, ona Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi mustahkam qaror topgan yoshlarni voyaga yetkazish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Zero, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu orzu-intilishlarimizni ro‘yobga chiqarish, avvalo, yuqori malakali pedagoglarning mehnatiga bog‘liq.
Mamlakatimizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosi doirasida jahon andozalariga mos ta’lim tizimi shakllantirildi. Barpo etilayotgan ko‘plab zamonaviy bilim maskanlari hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni voyaga yetkazishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu jarayonda barkamol avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarib kelayotgan ustoz-murabbiylarning ta’lim-tarbiyasidan bahramand bo‘lgan qobiliyatli yoshlar safi tobora kengaymoqda.
Navqiron avlod zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalari, festival va ko‘rik-tanlovlarda o‘z bilim va salohiyatini namoyish etmoqda.
Ta’lim sohasiga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli pedagog kadrlar bilim va malakasini oshirish, o‘z ustida muntazam ishlashini ta’minlash, tajribasini ommalashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovning quyi bosqichida mingdan ziyod pedagog ishtirok etdi. Undao‘qituvchilarning o‘qitish metodikasi, qobiliyati, ilg‘or pedagogik texnologiyalar va interfaol usullardan foydalana olish darajasi, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini ta’lim-tarbiya jarayoniga nechog‘li joriy etishi sinovdan o‘tkazildi.
Bu kabi ko‘rik-tanlovlar yoshlarni tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgan.
– Ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor biz, pedagoglarni yanada faollikka, fidoyilikka, ta’lim-tarbiya jarayonlariga astoydil yondashishga undaydi, – deydi tanlov g‘olibi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti kafedra mudiri Komil Kalonov. – Zero, katta umidlar bilan ta’lim berayotgan farzandlarimiz yurt koriga yarasin, Vatan va xalq taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir insonlar bo‘lib ulg‘aysin.
Tanlovda 23 yo‘nalish bo‘yicha 59 pedagog g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Ularning bilim va mahorati “Mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi pedagog”, “Eng yaxshi pedagog tadqiqotchi”, “Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog” nominatsiyalari bo‘yicha ham aniqlandi. Faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev so‘zga chiqdi.