Eng yaxshi ijtimoiy videoroliklar saralandi
Navoiy shahrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan e’lon qilingan “Inson qadri uchun” turkumidagi ijtimoiy videoroliklar tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Mazkur tanlov Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda yurtimiz tarixi, madaniy merosimiz, odob-axloq qoidalari, milliy qadriyatlar, ezgu fazilat va an’analarni yosh avlod qalbiga singdirish maqsadida ijtimoiy videoroliklar yaratish bo‘yicha ta’sirchan va innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.
– Nizomga ko‘ra, tanlov ikki bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unga 3 daqiqalik ma’naviy-axloqiy fazilatlar, boqiy an’ana va milliy qadriyatlar, ijtimoiy hamjihatlik, ekologik madaniyat mavzusidagi videoroliklar taqdim etildi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Navoiy viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Ilhom Tursunov. – Bo‘limimizga 140 ga yaqin ijodiy ishlar kelib tushdi. G‘oliblarni aniqlashda videorolikda mavzuning mazmun-mohiyati ochib berilgani, tasvir, ovoz va montaj ishining sifati, muallifning ijodiy yondashuvi va barcha toifadagi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallanganligi va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan tasvir yoki mazmun aks ettirilmaganligi kabi mezonlar e’tiborga olindi.
Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra, 1-o‘rinni Karmana tumani hokimining Matbuot kotibi Jamshid Musayev, 2-o‘rinni “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi Ilhom Sattorov, 3-o‘rinni Konimex tumani Madaniyat bo‘limi bosh mutaxassisi Bexruz Abdurahmonov, 4-o‘rinni Karmana tymanidagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qityvchisi Mohichehra Islomova va 5-o‘rinni Navoiy kon-metallurgiya kombinati Markaziy kon boshqarmasi "Muruntov" koni ishchisi Mirzabek Ochilov egalladi.
– Ushbu tanlovda ekologiya yo‘nalishida videorolik tayyorladim. Unda bugungi kunda ekologik muammolarni bartaraf etishda barcha insonlar birdek mas’ul ekanligi, bu muammoni birgalikda harakat qilsakkina bartaraf etishimiz osonroq bo‘lishini tasvirlashga harakat qildim, – deydi tanlov g‘olibi J.Musayev.
Tanlov g‘olib va sovrindorlariga Nizomda belgilangan pul mukofotlari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA.