Eng muhim vazifalar belgilab olindi
Andijonda kuz mavsumida don ekinlarini ekish, kelgusi yilda g‘alladan mo‘l hosil olish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Bo‘ston tumanidagi “Sayyora favvorasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta to‘qimachilik klasteri dala maydonida soha mutaxassislari, mutasaddi tashkilotlar vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan seminarda mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
– G‘alla – xalqimizning rizq-ro‘zi, g‘alla yetishtirish esa qishloq xo‘jaligining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – deydi Bo‘ston tumani hokimi Sanobarxon Nosirova. – Shu bois ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida, sifatli bajarish muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminarda mutaxassislar tomonidan don ekinlari ekiladigan maydonlarni belgilangan muddatlarda ekishga tayyorlash, yaxlit konturlarni tanlash, mavsumda zarur bo‘ladigan moddiy-texnika resurslarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berish, don ekinlari parvarishi jarayonida agrotexnik tadbirlarni sifatli va o‘z muddatida o‘tkazish, boshoqli don yetishtirish hajmi va hosildorlikni, shuningdek, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari manfaatdorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, tadbirda g‘alla ekilgan maydonlarni peshma-pesh sug‘orish, suv yo‘llarini tartibga keltirish, to‘la gektarlar yaratish, ekinni agrotexnika talablari asosida parvarishlash, don ekish, yer tayyorlash va sug‘orish, zarur shart-sharoitlar yaratish kabi muhim vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi, muhim vazifalar belgilab olindi.
Dala maydonida mavzu bo‘yicha ko‘rgazma tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis va mutasaddilardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA