Eng mohir va faol xodimlar aniqlandi
Andijonda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, yong‘inlarni o‘chirish bo‘yicha “A’lochi xodim” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tizim xodimlari o‘rtasida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va yong‘inlarni o‘chirish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan harbiylashtirilgan hamda kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlarining 150 nafardan ortiq smena boshliqlari, yo‘riqchi-qutqaruvchilar, yong‘in o‘chiruvchi-qutqaruvchilar ishtirok etib, o‘zlarining bilim va mahoratini ko‘rikdan o‘tkazdi.

Ishtirokchilar turnikda tortilish, 3 kilometr masofaga yugurish hamda kasbiy ko‘nikmalarini amalda namoyish etish bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, harbiylashtirilgan hamda kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlarining smena boshliqlari o‘rtasida Buxoro viloyati vakili, katta leytenant F. Ergashev, Jizzax viloyati vakili K. Mamatqulov, yo‘riqchi-qutqaruvchilar o‘rtasida Maxsus vazifalarni bajaruvchi respublika qutqaruv markazi Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati xodimi, oddiy askar B.Mahmudov, Farg‘ona viloyati vakili M.Abdulazizov, yong‘in o‘chiruvchi-qutqaruvchilar o‘rtasida Samarqand viloyati vakili, oddiy askar Z.Omonov, Xorazm viloyati vakili B.Rahimov birinchi o‘rinni egalladi.
Ko‘rik-tanlovning barcha g‘olib va sovrindorlari Favqulodda vaziyatlar vazirligining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA