Eng mohir merganlar aniqlandi
Mudofaa vazirligining Termiz dala o‘quv maydonida Janubiy operativ qo‘mondonligi tasarrufidagi harbiy qismlar hamda Surxondaryo viloyati hududida joylashgan kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari o‘rtasida viloyat hokimi sovrini uchun “Merganlar marrasi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 12 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilgan bellashuvda kuch tuzilmalari merganlari o‘q otish bo‘yicha o‘zaro bellashib, mahoratlarini namoyish etdi.


Mazkur musobaqa harbiy xizmatchilarning Vatanga va o‘zi tanlagan kasbiga muhabbat hissini uyg‘otish, ular o‘rtasida sog‘lom munosabatlarga asoslangan zamonaviy harbiy an’analarga ega qo‘shinlarni shakllantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirib, mergan bo‘linmalari va mergan mutaxassislarning tayyorgarlik darajasini takomillashtirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bellashuv jarayonida ular uzoq masofalarga aniq otish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirib, o‘zaro tajriba almashdi. Bilim va mahoratlarini oshirdi. Intellektual salohiyati va yetakchilik qobiliyatini yuksaltirdi.

Musobaqa yakunida “Yakka tartibdagi merganlar” yo‘nalishida Janubi operativ qo‘mondonligi kichik serjanti A. Abdulxamidov birinchi, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga qarashli harbiy qismning I darajali serjanti J. Boymurodov ikkinchi hamda Janubiy operativ qo‘mondonligining Xayrabod garnizoni harbiy qismi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchisi, oddiy askar J. Olimov uchinchi o‘rinlarni egalladi. “Merganlar juftligi” nominatsiyasida Janubiy operativ qo‘mondonligining Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism jamoasi faxrli birinchi, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga qarashli harbiy qism jamoasi ikkinchi hamda davlat xavfsizligi chegara qo‘shinlari harbiy qism jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar viloyat hokimining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, bellashuvda faol ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchilarga faxriy yorliqlar topshirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri